O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasi bo‘yicha «Vneshekonombank» va «Rosatom» hamkorlik qiladi

O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasi bo‘yicha «Vneshekonombank» va «Rosatom» hamkorlik qiladi


Rossiyaning «Vneshekonombank» va «Rosatom» davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish doirasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Kelishuvni imzolash marosimi Sochida «Atomekspo-2019» xalqaro forumida bo‘lib o‘tdi.

Hujjatni «Vneshekonombank» vitse-prezidenti Aleksey Ternavskiy va «Rosatom» moliya direktori Ilya Rebrov imzoladi.

Tomonlar quyidagi hamkorlik yo‘nalishlarini aniqlab olishdi: loyiha bo‘yicha moliyalashtirish hamda kafolat va akkreditivlar taqdim etishni tashkil qilish, loyihani moliyalashtirishning maqbul strukturasini aniqlash bo‘yicha maslahat berish.

Hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasidagi kelishuvni rivojlantirish maqsadida imzolandi. 2018 yil oktyabrda imzolangan o‘sha kelishuvda O‘zbekiston hududida quvvati 2,4 GVt bo‘lgan AESni loyihalashtirish, qurish, ishga tushirish va foydalanish borasida hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.