«Qibraycha buzish». «Tepa»ning buyrug‘ini bajargan hokimiyat haqmi yoki ish beruvchi tashkilot?

«Qibraycha buzish». «Tepa»ning buyrug‘ini bajargan hokimiyat haqmi yoki ish beruvchi tashkilot?


Tahririyatimizga Toshkent viloyati Qibray tumani Qipchoq MFYdan murojaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish maqsadida ijodiy guruhimiz bilan Qibray tumaniga otlandik.

Video: Mover (tas-ix)


Video: Youtube

Voqea joyiga borib, devor bilan o‘ralgan joy buzib tashlangan, elektr simlari uzilgan bir vayrona oldidan chiqdik. Shundan so‘ng gap nimada ekanligini bilish maqsadida o‘z jurnalistik surishtiruvimizni boshladik.

Holatga aniqlik kiritish maqsadida aynan shu manzilda yashab kelgan fuqaro Dildora Hamraboyeva bilan suhbatlashdik.

“Bu yer “Elmadad” tashkilotiga qarashli bo‘lib, agroturizmni rivojlantirish loyihasi bo‘yicha investitsiya kiritilayotgan edi, men “Elmadad” korxonasida ishlab va bir vaqtning o‘zida shu yerda oila a'zolarim bilan yashab kelmoqdaman. 7 aprel kuni tonggi saot 8:00 larda tuman hokimligidan odamlar kelishdi. Ulardan biri o‘zini tuman hokimi ekanligini aytib, “Bu yerni buzamiz, bu hududni egasi qani?”, deb so‘radi. Men korxona rahbarlariga bu haqida xabar berdim.

Dildora Hamraboyeva

Shu vaqt orasida hokimiyat vakillari hududni o‘rab turgan devorni maxsus texnika yordamida buzishni boshladi. "Hujjatlaringiz bormi buzishga?"-degan savolimga, “Men bu yerning, hokimiman, sening ishing bo‘lmasin” deb javob berdi.

Men buzishga to‘sqinlik qilishga urindim, biroq uchastka inspektori meni qo‘limdan ushlab olib ketmoqchi bo‘ldi. Mulk egasi yo‘lda kelyapti, uning ishtirokisiz buzmay turinglar deyishimga qaramay, kelganlardan biri, “Alisher” ismli shaxs bizni masxara qilganday xohlagan joyidan buzishni boshladi. Bizning qancha qarshilik qilishimizga qaramasdan, hech qanaqa hujjatsiz, qog‘ozsiz bundan tashqari mulk egasining ishtirokisiz buzib tashlashdi”, – deydi Dildora Hamraboyeva.


Shundan so‘ng “Elmadad” tashkilotiga qarashli yerda ish boshqaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Alisher Anvarxonovning fikrlariga quloq tutdik.

“Prezidentning turizmni rivojlantirish bo‘yicha qaroriga muvofiq biz agroturizmni rivojlantirish bo‘yicha shu joyda faoliyat olib bormoqchi edik. Bu yer tashlandiq holatda edi. Hozirga kelib bu joyni obodonlashtirib, kelajakda xalqqa foydasi tegadigan joyga aylantirmoqchi edik.

Alisher Anvarxonov

Bu yerni 2018 yil sotib olganmiz. Zarur bo‘lgan barcha hujjatlar mavjud. 2019 yil 7 aprel kuni shu joyda yashab kun kechirayotgan ishchilarimiz qo‘ng‘iroq qilib, hokimiyat tomonidan buzilayotganligini aytishdi. Bu xabarni eshitib darhol yo‘lga chiqdik. Chunki hokimiyat tomonidan bizni bu haqida ogohlantirishmagan edi. Biz kelgunimizcha buzish ishlari boshlab yuborilgan ekan. Ichkarida agroturizm bo‘yicha ancha ishlarni boshlab yuborgan edik. Bundan tashqari 200 million atrofida mablag‘ sarflaganmiz. Uy hayvonlarining toza nasllilaridan 8 turini olib kelganmiz. Kelganimizda tuman prokurori, hokim o‘rinbosari hamda 3-4 nafar hokimiyat vakillari shu erda ekan. Kelganimizni ko‘rib ular mashinasiga chiqib ketib qolishdi”.



Surishtiruvimizdan aniqlagan ma'lumotlarimiz ko‘ra, bu joy “Elmadad” tashkilotiga qarashli bo‘lib, tashkilot tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5326-son Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida Agroturizm loyihasini amalga oshirish uchun 2018 yil aprelida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomasida asosida “Elmadad” tashkiloti tomonidan sotib olingan joy ekan.


Shundan so‘ng barcha hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan va “Elmadad” tashkilotiga noturar joyga nisbatan doimiy foydalanish huquqi bilan berilgan.


Ma'lumot o‘rnida keltirib o‘tmoqchimiz: Agroturizm bu – qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (meva, poliz ekinlari va b.) hamda uy hayvonlarini parvarish jarayonini bevosita sayyohlarga tanishtirishni bildiradi. Loyihaning maqsadi chet ellik mehmonlar va yurtimizda ayniqsa, shahar sharoitida yashayotgan aholini qishloq hayoti bilan yaqindan tanishtirish hisoblanadi. Ushbu loyihaning manzili aholi yashash punkti va dala ekinlari o‘rtasida joylashishi xalqaro standartlarga javob berishi bilan ajralib turadi. Shuning uchun tashkilot tomonidan aynan loyihaga mos keladigan yer maydoni xarid qilingan ekan.

Holatga aniqlik kiritish maqsadida Qibray tuman hokimligiga yo‘l oldik. Har doimgidek biz ko‘p duch keladigan holat, ya'ni izoh olishga odam topish yoki hokimni kutish ssenariysi takrorlandi. Uzoq kutishlarimizdan so‘ng hokim yoki uning o‘rinbosari emas o‘zini Qibray "OAZIS" SIU nodavlat-notijorat tashkiloti rahbari deb tanishtirilgan Abdurasul Umrzoqov bizni qiziqtirayotgan masala bo‘yicha izoh berishi ma'lum qilindi.

Abdurasul Umrzoqov

“Bu joyga davlat ahamiyatiga bog‘liq trassa tushayapti. Biz ikkinchi taraf bilan bir oy oldin gaplashganmiz. Bu joyga trassa tushayapti, bu joy qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer. Qishloq xo‘jaligidan foydalaniladigan yerning atrofini o‘rab bo‘lmaydi. Men ularga tushuntirdim. Zovurni bu tarafidan yer qilib beramiz, sizlarga qarashli joy esa trassa yonida bo‘lganligi uchun intensiv bog‘ qilinadi. Trassadan 500 metrgacha qurilish bo‘lishi mumkin emas” deydi Abdurasul Umrzoqov.

- Buzishdan oldin mulk egasi bu haqida ogohlantirildimi?

- Ha, bir oy oldin gaplashgandik.

- Demak, faqat og‘zaki tarzda ogohlantirib, hech qanday xatsiz, sud qarorisiz buzib tashladingiz?

- Yo‘q. Men buzmadim. Hokimiyat tomonidan buzildi, negaki qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan joy. Kadastr noto‘g‘ri berilgan. Hokim qarori ham noto‘g‘ri. Men kelganimda buzilish boshlangan ekan. Biz ham nima qilaylik? “Tepadan” shunaqa buyruq berildi. Biz bajaramiz”, deya izoh berdi Abdurasul Umrzoqov.


Bizning “Tepa” kim? Qaysi tashkilot? degan savollarimizga javob bo‘lmadi. Abdurasul Umrzoqov esa bu ishda hech qanday aybi yo‘qligini, u “podstava” bo‘layotganligidan biroz nolidi. Shundan so‘ng safarimizni yakunlab, ma'lumotlarimizni qo‘ltiqlab Toshkentga qaytdik. Qibray tuman hokimi bilan telefon orqali bog‘lanishga harakat qildik. Lekin afsuski, qo‘ng‘irog‘imiz javobsiz qoldi.

Rahbarlarning og‘zaki buyruqlari yozma qonunlardan ustun bo‘lgan jamiyatda rivojlanish bo‘lmaydi.

Kun.uz tahririyati ushbu holatga nisbatan Qibray tuman hokimligi va qonun ustuvorligini ta'minlashga mas'ul davlat idoralaridan tegishli munosabat bildirilishiga umid qilib qoladi.

Kun.uz muxbiri Rahmatillo Isroilov
Tasvirchi Fazliddin Abduqodirov

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.