Qachon taksi agregatori zimmasiga javobgarlik yuklatiladi?

Qachon taksi agregatori zimmasiga javobgarlik yuklatiladi?


Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar taksi agregatorlari ishidan norozilik bildirishda davom etmoqdalar. Yo‘lovchilar oldida kim javobgar bo‘ladi, ushbu shikoyatlarga qanday barham berish mumkin? Norma muxbiri ushbu savollarga javob izladi.

Yangi ishtirokchi uchun huquqiy maydon

Tashuvchilarga mijozlar izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlar ko‘rsatuvchi taksi agregatorlari qonun hujjatlarida tilga olinmaganiga qaramay, ular taksi bozorini rivojlantirishga katta hissa qo‘shishga ulgurdilar. Ular o‘rtasidagi raqobat tufayli ushbu sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish va modernizatsiya qilish jarayoni boshlandi. Yaqin orada yo‘lovchilarni eng qulay usulda tashishni rivojlantirishda ularning roli kuchayib boradigan ko‘rinadi.

Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida yo‘nalishsiz taksi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi qabul qilingan taqdirda mamlakatimiz qonunchiligida agregatorlar faoliyatini tashkil etishga doir talablar belgilangan dastlabki hujjat paydo bo‘ladi. O‘zbekiston hududida bunday servislar bilan mamlakatimizda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxslargina ishlay oladilar. Agregatorlar faqat qonun doirasida ishlaydigan tashuvchilar bilan ishlash huquqiga ega bo‘ladilar. Bularning bari taksi bozorini yanada tartibga soladi, yo‘llarda xavfsizlik ta'minlanishini kuchaytiradi.

Biroq ushbu hujjatning qabul qilinishi agregatorlar faoliyat yuritishi uchun huquqiy maydon yaratish yo‘lida qo‘yilgan dastlabki qadam bo‘lishi hozirdanoq ko‘rinib turibdi. Tez orada ular faoliyatiga doir boshqa jihatlarni tartibga soluvchi yangi hujjatlarga zarurat tug‘iladi.

Javobgarlarni qanday topish mumkin

O‘zbekiston bozorida ishlovchi agregatorlar yo‘lovchi va taksi bir-birini topadigan oddiy maydoncha emas. Ushbu dasturlar yo‘ldagi masofani va safar qiymatini hisoblab beradi. Ya'ni iste'molchi va taksi o‘rtasidagi munosabatlarda e'lonlar taxtasidan ko‘ra muhimroq rol o‘ynaydi. Agregatorlar yo‘lovchilarga ham, taksichilarga ham kompleks xizmatlar ko‘rsatadi. Bir ishga qo‘l urdingizmi, uni vijdonan va maromiga yetkazib bajarishingiz kerak. Agregatorlarning xizmatlari bepul emas, taksichilar har bir mijoz uchun vositachilik haqi to‘laydilar. Binobarin, agregatorlar ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati uchun muayyan darajada javobgarlikni zimmalariga olishlari lozim. Agregator litsenziyaga ega shaxslar bilangina ishlashga haqli ekanligini belgilovchi bitta qoidaning o‘zi kamlik qiladi.

Hafsalasi pir bo‘lgan foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiradigan axborotni tahlil qilish asosida aniqlangan bir nechta muammoni ko‘rib chiqamiz.

Taqdim etiladigan xizmatlarning puxtaligi, aniqligi va sifatini ta'minlash masalasi hal etilmagan. Agregator orqali buyurtmani rasmiylashtirgan yo‘lovchi mashinaning qat'iy belgilangan joyga yetib kelish vaqti to‘g‘risida xabar oladi. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilar avtomobil yetib kelishi talab etilgan joyni izlab topishda qiynalishlari haqidagi postlarni ko‘p o‘qiymiz. Ko‘pincha «adashgan» taksichini qo‘shni hovlidan topadilar. Mashinani izlab topishdan emas, vaqt yo‘qotganidan, aniq kech qolganidan foydalanuvchilarning fig‘oni falakka chiqadi. Taksichilarning o‘zini tutishi, odobsiz va qo‘polligi yuzasidan ko‘p shikoyat qiladilar. Bu hollarda kim javobgarlikni zimmasiga olishi, bundan buyon bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun choralar ko‘rishi zarur? Agregatormi yoki taksopark?

Haydovchilarning mehnat tartibi qoidalariga rioya etishi masalasi ochiqligicha qolmoqda. Dispetcher funksiyalari agregatorlarga berilgani bilan bu masala hatto yirik taksoparklarda hal etilmaganicha qolmoqda, sababi ular o‘z haydovchilari ko‘rsatgan xizmatlarning haqiqiy hajmiga qarab ularni nazorat qila oladilar. Haydovchilar orasida ko‘p ishlagani va charchaganiga qaramay ko‘proq pul topishni istovchilar ko‘plab topiladi. Bu avariya holatlari ko‘payishiga, yo‘llardagi xavfsizlik kamayishiga olib keladi.

Yo‘lovchi xavfsizligini ta'minlash muammosi kun tartibida turibdi. Agregator xizmatlaridan foydalangan iste'molchi yetib kelgan mashinaga o‘tiradi. Yo‘l chetida turib mashina to‘xtatganda tanlash imkoniga ega bo‘lganidek imkoniyatga ega emas. Avtomobil salonida yo‘lovchi xavfsizligi ta'minlanishini kim va qanday nazorat qiladi?

Amaliyotda yuzaga kelayotgan shu va boshqa ko‘plab boshqa masalalarning huquqiy jihatdan tartibga solinmaganligi agregatorlar va taksichilar javobgarlikni bir-biriga yuklashiga, mijozni sarson qilishiga olib keladi. Ilgarigidek, mas'ullarni topishning imkoni bo‘lmaydi.

Binobarin, kundalik turmushda yuzaga keladigan barcha masalalar bo‘yicha javobgarlik aniq cheklangan Agregatorlar ishtirokida taksi xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini zudlik bilan ishlab chiqish zarur.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.