O‘zbekistonda xorijiy OAV muxbirlari ishi bo‘yicha qoidalarga qo‘shimcha kiritiladi

O‘zbekistonda xorijiy OAV muxbirlari ishi bo‘yicha qoidalarga qo‘shimcha kiritiladi


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 25 oktyabrdagi PQ-3982-son qarorini bajarish yuzasidan qabul qilinishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 24 fevraldagi 33-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarning 6-bandiga quyidagi mazmundagi yangi xatboshi qo‘shiladi:

«Chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga tegishli xorijiy ommaviy axborot vositalarining doimiy muxbirini akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasining tavsiyanomalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat kelib tushganidan so‘ng besh ish kunigacha bo‘lgan muddatda qabul qilinadi. Ushbu Asosiy qoidalarning 5-bandida talab etilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda akkreditatsiya olish uchun ta'sischi (ta'sischilar) va moliyalashtirish manbalari to‘g‘risida ma'lumot ham taqdim etilishi zarur».

Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Komilov zimmasiga yuklanadi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.