Yaponiyaning yirik axborot agentliklari, tashkilotlari va biznes vakillari O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Yaponiyaning yirik axborot agentliklari, tashkilotlari va biznes vakillari O‘zbekistonga tashrif buyuradi


12-18 aprel kunlari Yaponiyaning yirik axborot agentliklari, mintaqaviy tashkilotlari va biznes vakillarining O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tadi.

Delegatsiyaga jahondagi yirik «HAKUHODO inc» media va marketing agentligi vitse-prezidenti, Ipak Yo‘li Yaponiya-O‘zbekiston Jamg‘armasining turizm, madaniyat va ta'lim sohasidagi ishchi guruhi maslahatchisi Mitsuo Tomari rahbarlik qiladi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad - Toshkent va Buxoro shaharlarida Yaponiya dizayn va madaniyat assotsiatsiyasining (Japan Inter-Design Forum) zamonaviy mediamadaniyat va san'at sohalarini rivojlantirish, TBS telekompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan «Digicon 6 Asia» Osiyo yoshlar kinofestivali, O‘zbekiston bilan fotosan'at, ta'lim va yoshlar tajriba almashuvi yo‘nalishlarida faol hamkorlik qilib kelinayotgan Tokio va Xigashikava (Xokkaydo prefekturasi) tumanlarining turizm salohiyati haqida taqdimotlar o‘tkazish hisoblanadi.

Mehmonlar tashrif doirasida Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga ham tashrif buyuradilar. Shuningdek, yaponlar uchun alohida qadrga ega bo‘lgan A.Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri hamda Ikuo Xirayama nomidagi xalqaro karvonsaroy tashrif dasturidan joy olgan.

Yapon ekspertlari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, biznes loyihalar va tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida Navoiy shahrida barpo etilayotgan yangi turizm infrastrukturasi va zamonaviy tekstil maskanlari bilan ham yaqindan tanishadilar.

Hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini joriy etish uchun «O‘zbekkino» Milliy Agentligi va «El-yurt umidi» Jamg‘armasida ham uchrashuvlar tashkil etiladi.

Mazkur tashrif o‘tgan yilning 31 iyulida O‘zbekistonning qator vazirlik va davlat tashkilotlari hamda Ipak Yo‘li Yaponiya - O‘zbekiston Jamg‘armasining iqtisodiy yo‘nalishi tomonidan o‘tkazilgan O‘zbek-Yapon Biznes Forumi natijasi hisoblanadi.

Tashrif Ipak Yo‘li Yaponiya-O‘zbekiston Jamg‘armasi, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Tokiodagi “O‘zbekiston Havo yo‘llari” MAK vakolatxonasi hamda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilmoqda.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.