Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2019-yil 14-aprel kuni ikki kunlik davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keladi.

Davlat rahbarlari Qasim-Jomart Toqayevning Qozog‘iston prezidenti lavozimiga kirishganidan ilk bor uchrashadilar.

Tor va kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralarda ikki tomonlama do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilinadi, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqiladi.

Prezidentlar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro ahamiyatga molik muhim masalalar yuzasidan fikr almashadilar.

Davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini qabul qilish, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.

Prezidentlar qo‘shni qardosh mamlakatda muvaffaqiyatli yakuniga yetgan O‘zbekiston yilining mantiqiy davomi bo‘ladigan O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining rasmiy ochilish marosimida ham ishtirok etadilar. Mazkur yil tadbirlari Qozog‘iston san’at ustalarining konserti bilan boshlanadi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.