Xorijda ishlovchi fuqarolarni himoya qilish jamg'armasi mablag'lari nimalar uchun ishlatiladi?


Фото: KUN.UZ

Hukumat qarori bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo'llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg'armasi faoliyatini tashkil etish tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi.

Jamg'arma mablag'lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan ajratiladigan beg'araz moliyaviy yordam;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan tuzilgan litsenziya bitimi doirasida O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga yuboruvchi tashkilotlarning ellik ming AQSh dollari miqdoridagi mablag'larini zaxiralash, bunda zaxiralangan summa sarflab yuborilgan taqdirda mablag'larni to'ldirish, shuningdek, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish huquqi uchun litsenziyaning amal qilishi tugatilgan va bekor qilingan taqdirda, mablag'larni qaytarish sharti belgilab qo'yiladi;

Jamg'armaning tijorat banklari depozitlaridagi vaqtincha bo'sh mablag'larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag'lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg'arma mablag'laridan quyidagi xarajatlarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi:

xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo'ravonlikka, majburiy mehnatga va tahqirlanishga duchor bo'lgan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarisiz, mablag'larsiz qolgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish hamda ularga moddiy yordam ko'rsatish;

mehnat migratsiyasida bo'lgan vaqtda jarohat olishi, baxtsiz hodisaga uchrashi, og'ir kasallikka chalinishi tufayli tibbiy yordam talab etilgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolariga mehnat migranti mablag'lari yoki tibbiy sug'urta hisobidan ko'rsatilgan tibbiy xizmatlar qiymatini to'lash imkoni bo'lmaganda tibbiy xizmat ko'rsatish;

mehnat migratsiyasida bo'lgan vaqtda vafot etgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining jasadlarini, shuningdek, xorijda mehnat faoliyati vaqtida mayib bo'lgan yoki og'ir jarohat olgan fuqarolarni olib kelish;

avval uyushgan holda tanlash doirasida xorijga ishga yuborilgan va borgan mamlakatning qonun hujjatlarini buzishi natijasida chiqarib yuborilgan (deportatsiya qilingan) O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish, keyinchalik to'langan mablag'larni mazkur shaxslar hisobidan qoplash, shuningdek, xorijiy ish beruvchilar tomonidan ishga joylashtirish bo'yicha kelishilgan sharoitlar bilan ta`minlanmagan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish;

mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini ketish oldidan moslashtirish, kasbga tayyorlash, ularga chet tillarni o'qitish va chet tillarni bilishini imtihon qilish, ularning kasbiy malakasini tasdiqlash markazlarini respublika hududlarida tashkil etish va jihozlash;

fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirishni kengaytirish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish masalalariga doir axborot-ma`rifiy tadbirlar o'tkazish;

xorijda Agentlik vakolatxonalarini tashkil etish va jihozlash;

xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi O'zbekiston Respublikasi fuqarolari ish bilan ta`minlanishining ular ishga joylashgan joylarga borish orqali monitoringini yuritish.


Manba: Kun.uz

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.