Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining asosiy vazifalari belgilandi


Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tubdan qayta ko'rib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining asosiy vazifalari etib belgilandi:

birinchi, O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini tanlash, tayyorlash, moslashtirish tadbirlarini o'tkazish va xorijda ishga joylashtirish jarayonlarini samarali bopshcharish hamda nazorat qilish orqali ularga xorijda mehnat faoliyatini olib borishga doir huquqlarini amalga oshirishda ko'maklashish;

ikkinchi, tashqi mehnat migratsiyasini kompleks tahlil qilish, shu asosda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqish, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga ishga joylashishda ko'maklashish;

uchinchi, mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish, O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish jarayonlarini tartibga solish va ularning mehnat huquqlarini ta`minlash masalalari yuzasidan xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish;

to'rtinchi, O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish va ularning faoliyatini nazorat qilish, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining kasbiy malakasini tasdiqlash faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o'tkazish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishchi organi vazifalarini bajarish;

beshinchi, yuridik shaxslarga xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ruxsatnomalarni va xorijiy fuqarolarga O'zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni belgilangan tartibda berish, shuningdek, O'zbekiston Respublikasida mehnat qilayotgan xorijiy fuqarolar hisobini yuritish.

Hujjat bilan “O'zbekiston havo yo'llari” MAK, “O'zbekiston temir yo'llari” AJ va O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi xorijga uyushgan holda tanlash bo'yicha ketayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini bojxona va pasport nazoratidan Agentlikning talabnomalariga asosan uyushqoqlik bilan o'tkazish hamda jo'natishni ta`minlaydi.


Manba: Kun.uz

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.