Prezidentning sudyalarni lavozimga tayinlashdagi vakolatlari qisqartirilmoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlarining sudyalarini, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari sudyalarini, shuningdek, tuman (shahar) sudlarining hamda harbiy sudlarning raislari va o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlashda nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishish amaliyoti bekor qilinishi mumkin.

Faqat viloyatlar darajasidan boshlab sud raisi va o‘rinbosarlari, shuningdek, Oliy sud sudyalarining barchasi Prezident bilan kelishilgan holda tayinlanadigan bo‘ladi.

Muhokama uchun e’lon qilingan qonun loyihasi qabul qilinsa, ushbu sudyalik lavozimlariga tayinlash Sudyalar oliy kengashining to‘liq vakolatida qoladi (Qoraqalpog‘istonda Sudyalar oliy kengashi taqdimnomasi bilan Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan tayinlanadi).

Viloyatlar va Toshkent shahri sudlarining raislari va o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlarining raislari va rais o‘rinbosarlari, Oliy Harbiy sud raisi, shuningdek, Oliy sud raisi, o‘rinbosarlari va sudyalarining barchasini lavozimga tayinlashda nomzodlar davlat rahbari bilan kelishiladi.

Bundan tashqari, harbiy sudlar, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyasining, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raisining va sudyasining vakolatlarini tugatish masalasi ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilmasdan, faqat O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan hal qilinadi.

Loyiha qabul qilingan taqdirda “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 63- va 72-moddalariga o‘zgartishlar kiritiladi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.