Kann xalqaro kinofestivalida ikkinchi bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etiladi

Kann xalqaro kinofestivalida ikkinchi bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etiladi. Bu haqda “Daryo”ga Yoshlar media markazi ma’lum qildi.



Foto: Yoshlar media markazi

Fransiyada 2018-yil 8—19-may kunlari bo‘lib o‘tgan 71-Kann xalqaro kinofestivalida ilk bor O‘zbekiston paviloni tashkil etilgandi.

Milliy pavilon O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, Milliy kinokomissiya va O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil qilinmoqda.

O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi Kann kinofestivali direksiyasi bilan tegishli shartnoma imzolagan bo‘lib, hozirda milliy pavilonni tashkil qilish bilan bog‘liq tashkiliy jarayon olib borilmoqda.

Ushbu nufuzli kinotadbir davomida O‘zbekistonning kinoturizm salohiyati va qulay kinolokatsiyasini targ‘ib qilish, taniqli kinokompaniyalarni mamlakatga o‘z filmlarini suratga olish uchun taklif qilish, PROlogue V Xalqaro kinofestivali taqdimoti, jahon kinosanoati vakillari bilan O‘zbekiston ishtirokida qo‘shma kinoloyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishish hamda milliy filmlar targ‘iboti rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 72-Kann xalqaro kinofestivali joriy yil 14—25-may kunlari o‘tkaziladi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.