Tibbiyot: Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashda Belarus bilan hamkorlik qilishga doir hujjatlar imzolandi

Tibbiyot: Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashda Belarus bilan hamkorlik qilishga doir hujjatlar imzolandi


Sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yurituvchi mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash hamda stajirovkasini tashkillashtirishda Belarus bilan hamkorlik qilishga doir qator hujjatlar imzolandi. Kun.uz muxbiri Belarusdagi O‘zbekiston elchixonasidan olingan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA) va Jizzax sog‘liqni saqlash viloyat boshqarmasi (SSVB) vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Belarus Respublikasida tashrif bilan bo‘ldi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi va Jizzax sog‘liqni saqlash viloyat boshqarmasi delegatsiyasi Belarus diplomdan keyingi tibbiy ta'lim akademiyasi ("BelMAPO")da kechgan uchrashuv davomida har tomonlama hamkorlikka kelishdi va kadrlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash va stajirovkalarni tashkillashtirishga doir hamkorlik bitimini imzoladi.

TTA va Belarus davlat tibbiyot universiteti ("BGMU") rahbarlarining uchrashuvi yakunlariga ko‘ra, ilgari imzolangan Hamkorlik kelishuviga qo‘shimcha ravishda Akademik mobillik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bitim asosida TTAning saralangan 6-kurs talabalari "BGMU"ga o‘qishga yo‘llanadi va uni tugallagandan so‘ng ikki mamlakatda o‘tuvchi diplomga ega bo‘lishadi.

Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov Belarus Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri V.Malashko bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Belarusda sog‘liqni saqlash sohasidagi tashkiliy masalalar, diagnostika, birinchi tibbiy yordamga oid yutuqlar muhokama qilindi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olishdi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Belarusdagi qator Respublika amaliy tibbiyot markazlari ("RNPMs")da bo‘ldi: onkologiya va tibbiy radiologiya, jarrohlik, kardiologiya, gigiyena. Nafaqat MDHda, balki Yevropada ham ba'zi pozitsiyalar bo‘yicha yetakchi o‘rinda bo‘lgan ushbu tibbiyot markazlarining yutuqlari O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Idoralar rahbarlari o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish, qayta tayyorlash va mazkur "RNPMs"larda stajirovka o‘tashga doir kelishuvga erishishdi. Shuningdek, ikki tomon ilmiy anjumanlar, simpoziumlar, seminarlar, muhokama doiralari va tadqiqotlarni tashkillashtirishga kelishdi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.