Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat avvalida davlat rahbari Qosim-Jomart Toqayevni Qozog‘iston Respublikasi prezidenti lavozimiga kirishgani munosabati bilan samimiy tabriklab, davlat rahbari lavozimidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilagan.

Bu Qozog‘istonning atoqli o‘g‘loni, birinchi prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboyevning, butun Qozog‘iston xalqining yangi prezidentga ishonchi yuksak ekanining navbatdagi yorqin dalilidir, deyiladi xabarda.

Qardosh mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari izchil mustahkamlanayotgani, strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichda rivojlanib, ko‘p qirrali amaliy hamkorlik kengayib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e'lon qilingan o‘tgan yilda tovar ayirboshlashning rekord ko‘rsatkichlariga erishildi, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalari amalga oshirildi, ikki mamlakat biznesi va hududlari darajasidagi muloqot, jumladan, madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.

Joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Qozog‘iston yili doirasida tadbirlarga boy qo‘shma reja qabul qilindi.

Muloqotda davlat rahbarlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng miqyosda amalga oshirish muhim ekanini qayd etdilar.

Mintaqaviy va xalqaro siyosatning boshqa dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jomart Toqayev samimiy tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi va oliy darajadagi faol muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini ta'kidladi.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari bahor ayyomi – Navro‘z munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch ruhidagi munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi, butun mintaqa tinchligi va ravnaqi yo‘lida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish borasida intilishlari qat'iy ekanini tasdiqladilar, deya yakunlangan xabar.

Bundan oldin, Qosim-Jomart Toqayev Qozog‘iston prezidenti lavozimiga kirishgandi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.