O‘zbekiston prokuratura organlari tizimida qator lavozimlar va boshqarmalar tugatildi

O‘zbekiston prokuratura organlari tizimida qator lavozimlar va boshqarmalar tugatildi


Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Adliya vazirligi telegram kanalida aytilishicha, farmonga ko‘ra 2019 yil 1 apreldan:

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonuniyligi ustidan nazorat qilish Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan amalga oshiriladi;

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarga oid qarorlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi Bosh prokuratura tasarrufidan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tasarrufiga o‘tkazildi.

O‘zbekiston prokuratura organlari tizimida quyidagilar tugatildi:

bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarining ikkita shtat birligi;

Bosh prokuraturaning Tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi;

Bosh prokuraturaning Prezident qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari;

Bosh prokuraturaning Soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari;

soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilishga mas'ul Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosarlari, tumanlar (shaharlar) prokurorlarining o‘rinbosarlari va yordamchilari lavozimlari;

tumanlar (shaharlar) prokurorlarining tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga mas'ul o‘rinbosarlari hamda katta yordamchilari lavozimlari;

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tadbirkorlikni himoya qilish va tashqi iqtisodiy faoliyatdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘limi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.