RF xalq artisti Yuriy Stoyanov O‘zbekistonning Rossiyadagi turizm elchisi etib tayinlandi

RF xalq artisti Yuriy Stoyanov O‘zbekistonning Rossiyadagi turizm elchisi etib tayinlandi


Rossiya Federatsiyasi (RF) xalq artisti va jamoat arbobi Yuriy Stoyanov O‘zbekistonning RFdagi turizm elchisi etib tayinlandi, sertifikatni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev topshirdi. Kun.uz muxbiri Qo‘mita vakillaridan olingan ma'lumotlarga asoslanib shu haqida xabar berdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

14 mart kuni O‘zbekistonning RFdagi elchixonasida yurtimizning turistik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan "Sayohatlar va turizm" nomli MITT-2019 ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazildi. Unda ikki mamlakatning yirik sayyohlik kompaniyalari rahbar va xodimlari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Rossiyadagi o‘zbek diasporasi vakillari qatnashishdi.

Tadbir O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadovning nutqi bilan boshlandi. U O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, xizmatlarni yaxshilash va diversifikatsiyalash, turistik infratuzilmani takomillashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, elchi mamlakatda olib borilayotgan viza rejimini liberallashtirish, xorij fuqarolarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, xususiy sektorga imtiyoz va preferensiyalar berish kabi islohotlarning ahamiyatiga alohida urg‘u berdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev sayyohlik sohasidagi keng imkoniyatlar haqida batafsil ma'lumot berdi. Uzbekistan Airways AJ marketing va tarmoqlararo rejalashtirish bo‘limi boshlig‘i Azimjon Xodjayev ham o‘z yo‘nalishidagi yangiliklar bilan bo‘lishdi.

Tadbir doirasida RF xalq artisti Yuriy Stoyanovning O‘zbekistonning Rossiyadagi turizm elchisi etib tayinlanishi muhim ahamiyat kasb etdi. Yangi turizm elchisi RFda O‘zbekistonning turistik brendi targ‘ibotini olib borish bilan shug‘ullanadi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Yuriy Stoyanov fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqiga chuqur minnatdorchilik bildirdi, zero urush yillari uning oila a'zolari va ko‘plab vatandoshlariga aynan o‘zbek oilalari yordam qo‘lini cho‘zishgan.

"Mening onam evakuatsiya yillari aynan Toshkentdan qo‘nim topgan. Uni o‘sha yerda boqib, voyaga yetkazib, keyin ittifoqqa qaytarishgan. Onamning hikoyalari ushbu mehr-muhabbatli va sodda insonlarga nisbatan minnatdorlik hissi va ehtiromga to‘la edi. Mening o‘zim ham bir necha marta O‘zbekistonda bo‘lganman va aytmoqchi bo‘lganim - u yerga mehmonga emas, do‘stlarning oldiga borgandek borish kerak. Ularning hatto salomlashgandagi imo-ishoralari ham har bir mehmonga bo‘lgan samimiy munosabat namoyishidir", - deydi Stoyanov.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.