31 trillionta raqam: “Pi” sonini hisoblash bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi  

31 trillionta raqam: “Pi” sonini hisoblash bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi  


Yaponiyalik Emma Xaruka Ivao “Pi” sonini 31 trlnta raqamgacha hisoblab yangi dunyo rekordini o‘rnatdi. Avvalgi rekord Piter Truebga tegishli bo‘lib, bu rekord 2016 yilda o‘rnatilgan va 22 trlnta raqamdan iborat bo‘lgan.

14 mart butun dunyoda “Pi” soni kuni sifatida nishonlanadi. Gap shundaki, AQShda sanalarni yozish tizimida (oy/kun/yil) 14 mart 3/14 kabi yoziladi, ya'ni “Pi” sonining ilk raqamlari – 3.14 bilan bir xil ko‘rinishga ega.

Eng mashhur matematik konstantalardan biri bo‘lgan “Pi” soni istalgan aylana uzunligining uning diametriga nisbatiga teng bo‘lib, adog‘i yo‘q cheksiz davom etuvchi qiymatdir. “Pi” sonining barcha raqamlarini hisoblab chiqish murakkab ish bo‘lib, matematiklar bu vazifa ustida anchadan beri bosh qotiradilar. “Pi” soni katta amaliy ahamiyatga ega: u muhandislik, fizika va boshqa sohalarda keng qo‘llanadi.

Google kompaniyasida ishlovchi Emma Xarukaning aytishicha, “Pi” soni “sehri” uni yoshligidan o‘ziga tortib kelgan. U “Pi”ning yangi qiymatini topish uchun kompaniya bulutli servisidan foydalangan.

Unga hisob-kitoblar uchun 170 terabayt ma'lumot hamda 121 kun talab qilingan. Ayol kelgusida bu rekordini yangilashga urinib ko‘rishga va'da berdi. “Pi sonining cheki yo‘q va men yanada ko‘proq raqamlarni topishni istardim”, deb aytgan rekordchi.

Google’da ta'kidlanishicha, kimdir “Pi”ning yangi qiymatini aytib chiqmoqchi bo‘lsa, unga 332064 yil kerak bo‘ladi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.