Qo‘shrabotda «tez yordam» shifokori va haydovchisini mast «bemor» va uning yaqini kaltakladi

Qo‘shrabotda «tez yordam» shifokori va haydovchisini mast «bemor» va uning yaqini kaltakladi


Aholining «Tibbiy tez yordam» xizmatidan foydalanishi uchun keyingi yillarda juda ulkan islohotlar amalga oshirildi. Mashina parki tubdan yangilandi, qishloq vrachlik punktlari ta'mirlanmoqda, «tez yordam» mashinalarining olis qishloqlardan bo‘ladigan chaqiruvlarga ham zudlik bilan yetib borishi ta'minlanmoqda.

Biroq, bu sharafli kasb egalari ahyon-ahyonda mast va huquqbuzar bemorlar, shuningdek, vafot etgan bemorlarning yaqinlari tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlar tarqalib turadi.

Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida ro‘y bergan shunday bir voqea haqida xabar yetib keldi.


Qo‘shrabot tumanining Jo‘sh qishlog‘ida tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. U yerda chaqiruv qilgan bemorlar oldiga o‘z vaqtida yetib borish uchun bir dona «Damas» avtomashinasi ajratilgan.


7 mart kuni kechasi soat 22:00-23:00 orasida Jo‘sh qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro R.O.dan chaqiruv kelib tushadi. Meditsina oliygohini yaqinda tamomlab, 2018 yilning noyabridan buyon umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishlayotgan va shu kuni navbatchilik qilayotgan feldsher M.K. va haydovchi Sh.P. (Kun.uz’ga ma'lum ism-familiyalar ma'lum bir sababga ko‘ra oshkor etilmayapti) bilan birgalikda ko‘rsatilgan manzilga borishadi.

— R.O.ning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, mazasi bo‘lmayotganini aytib, gemodez degan dori xarid qilib kelishimizni buyurdi. Borganimizda uni mast holatda uchratdik. Qon bosimini o‘lchadik, boshqa simptomlarga ko‘zimiz tushmadi. «Mana shu dorini tomchilatib tomirimga jo‘natasizlar», deb bitta ampula berdi. Uy qop-qorong‘i edi. Men bunday qila olmasligimni, bu noma'lum dori ekanini aytdim. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan 34ta dori vositasi ichidan boshog‘riqni qoldiradiganini yozib berdim. Shunda u meni haqorat qilib urdi. Haydovchi ajratishga harakat qildi. Juda yomon so‘zlar bilan haqoratladi. (Shifokor bo‘lib o‘tgan voqeaning audiosini uyali telefoniga to‘liq yozib olgan).

Shundan so‘ng, shovqin-suronni eshitib, R.O.ning yon qo‘shnisi va amakivachchasi T.O. ham uyga kirib keladi va feldsherni bo‘g‘ib oladi. «Hech qayerga ketmaysan, ertalabgacha mana shu yerda o‘tirasan», deyishadi. Shifokor boshqa fuqarolardan ham chaqiriq bo‘lishi mumkinligi, ularga ham tibbiy xizmat ko‘rsatish kerakligini aytib, uyni tark etadi va ko‘chada kutib turgan «Damas» tez yordam mashinasiga o‘tiradi. «Bemor» R.O. ko‘chaga chiqib, shifokorning qo‘lidan dorilar solingan qutini yulib oladi. O‘zini esa mashinadan tortib tushirib, yana uyga sudrab olib kiradi. Bu vaqtda T.O. boshqa tomondan kelib, haydovchi Sh.P.ning ko‘ziga qattiq musht tushiradi.

Uydan bir ilojini qilib qochib chiqqan M.K. kelasolib 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qiladi va bo‘lib o‘tgan voqeani bayon qiladi. 48 ming kishi istiqomat qiluvchi Jo‘sh mahallasida joylashgan 14-son ichki ishlar bo‘linmasi profilaktika inspektori Ahror Norqulov va boshqalar bo‘lib o‘tgan voqeadan xabar topib, shifokorning dori solingan sumkasini olib kelib berishadi va tergovoldi surishtirish jarayonini boshlab yuborishadi. Haydovchi Sh.P.ning ahvoli biroz yomonlashadi va shifokor ikkisi tuman markazidagi tibbiyot birlashmasiga borishadi.

9 mart kuni M.K. Qo‘shrabot tuman prokuraturasiga voqea audioyozuvlarini ilova qilib, ariza tashlagan.

Biz Qo‘shrabot tuman prokurori o‘rinbosari Erkin Hayitovdan mazkur ish bo‘yicha qanday harakatlar olib borilayotgani haqida so‘radik.


— Ariza bizga kelib tushgach, ishni tegishliligi bo‘yicha tuman Ichki ishlar bo‘limiga o‘tkazganmiz. Ayni paytda tergov ishlari boshlanish arafasida. Yana 4–5 ish oxiriga yetkazilsa kerak. Ish to‘liq o‘rganiladi va tergov qarori qabul qiladi, — deydi prokuratura vakili.

Mazkur masala yuzasidan 14-son ichki ishlar bo‘linmasi boshlig‘i Sherzod Zohidovning fikrlari bilan ham tanishdik.


— Fuqarolar R.O. va T.O.ga mana shunday mushtumzo‘rligi uchun ilgari ham bir necha marta ma'muriy tartibda choralar ko‘rilgan. Qo‘ni-qo‘shnilar, jamoatchilik bezor. Bir necha marta tushuntirish ishlari olib borganmiz, ularning jamiyatda o‘zini tutishi va xatti-harakatlari muhokama qilingan. Albatta, xalqning salomatligi dardida yurgan sharafli kasb egalarining kaltaklanishini hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydi. Biz tergovoldi surishtiruv ishlarini yakunlab, ish materiallarini tergovga uzatganmiz, — deydi mayor Sh.Zohidov.

Eng hayratlanarlisi, birovga qo‘l ko‘targanidan so‘ng ish bunday tus olganini ko‘rgan mushtumzo‘rlar «ham g‘arlik, ham peshgirlik», deganlaridek, shifokor ustidan «bizning 10 million so‘m pulimizni o‘g‘irlab ketdi», deb qarshi ariza yozishgan.

Albatta, shifokorlarning mast fuqarolar tomonidan, yoki «kech qolding» deb, ayniqsa, ular yetib borguncha bemorning vafot etib qolishi tufayli kaltaklanishi, ularga tazyiq o‘tkazilishi aslo toqat qilib bo‘lmaydigan hol.

Joriy yilning 29 yanvar sanasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tayyorlangan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

Mazkur loyiha bilan o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlarni Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi 277-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish hamda ushbu harakatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash taklif etilmoqda.

Biz sog‘liqni saqlash vazirligi, mutasaddi kuchishlatar tashkilotlar va deputatlardan tibbiy tez yordam shifokorlarining xavfsizligini ta'minlash uchun zarur choralar ko‘rish, ularga zo‘ravonlik qilgan kishilarga nisbatan jazo choralarini keskin kuchaytirishni va bu borada boshlangan ishlarni tezlashtirishni so‘rab qolamiz.

Kun.uz esa mazkur ishni oxirigacha kuzatadi va bu mavzuga yana qaytadi.

Eslatib o‘tamiz, ilgari Oltiariq va Past Darg‘om tumanida ham mana shunday holatlar kuzatilgan edi. Shuningdek, saytimizda «Andijonda vrachga qo‘l ko‘tarishdi. Tibbiyot xodimlarini huquqiy himoya qilish haqida qonun dolzarb(mi!?)» sarlavhasi ostida ushbu mavzuda tahliliy maqola e'lon qilingandi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.