Venesuela amerikalik diplomatlardan mamlakatni 72 soatda tark etishni talab qildi 

Venesuela amerikalik diplomatlardan mamlakatni 72 soatda tark etishni talab qildi 


Barcha amerikalik diplomatlar Venesuelani 72 soat ichida tark etishi kerak. Bu haqda Venesuela tashqi ishlar vaziri Xorxe Arreasa tvitterda yozdi.

Uning aytishicha, 11 mart kuni mamlakat tashqi ishlar vazirligi AQShning Venesueladagi vakilini chaqirtirib, rasmiy Karakasning ushbu qaroridan xabardor qilgan.

Arreasaning yozishicha, hukumat Vashington bilan qiziqishlar seksiyalarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatishga qaror qildi.

Vazirning ta'kidlashicha, Karakas AQSh bilan “teng huquqlik va o‘zaro hurmat”ga asoslangan muloqot olib borishga tayyor.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Karakasdan qolgan barcha diplomatlar chaqirtirib olinishini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, ularning Venesuelada qolishi AQSh siyosati uchun to‘xtatib turuvchi omil hisoblanadi.

Vashington va Karakas o‘rtasidagi munosabatlar yanvar oxirida keskinlashdi. Amerikalik diplomatlarning katta qismi Venesuelani 24 yanvarda tark etgan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.