Abdulaziz Akkulov TUI Group rahbariyati bilan Germaniyada O‘zbekistonga sayohat targ‘ib qilinishiga kelishdi

Abdulaziz Akkulov TUI Group rahbariyati bilan Germaniyada O‘zbekistonga sayohat targ‘ib qilinishiga kelishdi


O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov ITB Berlin 2019 doirasida TUI Group rahbariyati bilan uchrashdi va O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga oid kelishuvlarga erishdi. Qo‘mita matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Ma'lumot uchun: TUI (Tourism Union International) 1600 sayohat agentligi, 380 dan ortiq mehmonxona, 150 ta samolyotga ega aviakompaniya, 16 kruiz kemasi, ko‘plab chakana savdo do‘konlari va 70 mingga yaqin xodimni o‘z ichiga olgan jahonning yetakchi sayyohlik kompaniyalaridan biri hisoblanadi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Abdulaziz Akkulov germaniyalik hamkorlar bilan turizmdagi asosiy tendensiyalar va o‘zgarishlar haqida fikr almashishdi, soha rivojidagi ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, TUI Group rahbariyati O‘zbekistonda 64 mamlakat fuqarolari uchun vizaning bekor qilinishi butun dunyo turoperatorlari orasida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirayotganini ta'kidlagan, xususan Germaniya turistik agentliklariga kelib tushayotgan so‘rovlarning kun sayin oshishi shundan dalolat bermoqda.

Ta'kidlanishicha, TUI Group rahbariyati kompaniyaning asosiy faoliyat turi sifatida sohil bo‘ylarida va dengizda amalga oshiriladigan sayohatlarga yo‘naltirilganligidan kelib chiqib, O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini Gebeco GmbH & Co. KG sho‘'ba korxonasi orqali davom ettirishni ma'lum qilgan.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Ma'lumot uchun: Gebeco GmbH & Co. KG sho‘'ba korxonasi bugungi kunda Dr. Experiencing Tigges, Gebeco Country va goXplore xalqaro brendlar ostida guruhlarda tarixiy-ma'rifiy va sarguzasht-sayohat turlarini tashkillashtirishga ixtisoslashgan.

O‘zbekiston tomonning, o‘z navbatida kompaniya mijozlari keng qamrovidan (ya'ni yiliga 27 mln sayyohga xizmat ko‘rsatishidan) kelib chiqib, uning axborot resurslarida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga oid ma'lumotlarni joylash yuzasidan bildirilgan taklifi ijobiy qabul qilindi. Mazkur taklif bo‘yicha hamkorlikni ikki xil yo‘nalishda amalga oshirishga kelishildi: ma'lumotlarni qiziqarli va sifatli video hamda matn ko‘rinishida, shuningdek, germaniyaliklar sayohat uchun nega aynan O‘zbekistonni tanlashlari kerakligiga doir savolga olingan javoblar asosida.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.