Qurol-yarog‘ eksporti bo‘yicha jahondagi yetakchi davlat ma'lum qilindi

Qurol-yarog‘ eksporti bo‘yicha jahondagi yetakchi davlat ma'lum qilindi


Stokgolmdagi Tinchlik muammolari tadqiqoti instituti (SIPRI) jahondagi qurol-yarog‘ eksporti holati haqida yangi hisobot e'lon qildi. O‘tgan yilda bo‘lgani kabi, qurollar eksporti bo‘yicha eng yirik davlatlar orasiga AQSh, Rossiya, Fransiya, Germaniya va Xitoy kiritildi, ular 2014-2018 yillarda savdolarning 75 foizini ta'minlab bergan. Shu bilan birga, AQSh va Rossiyaning jami hajmi 57%ni tashkil etadi.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, 2014-2018 yillarda an'anaviy qurollar asosiy turlarining xalqaro yetkazib berish hajmi 2009-2013 yillarga nisbatan 7,8 foizga va 2004-2008 yillarga nisbatan 23 foizga o‘sgan. Ta'kidlanishicha, so‘nggi besh yil ichida Yaqin Sharqqa qurol yetkazib berish 2009-2013 yillarga nisbatan ortgan, boshqa mintaqalarga esa kamaygan, deya xabar beradi «Kommersant'».

Hisobotga ko‘ra, qurollar bozorida AQShning ulushi 6 foizga oshib, 36 foizni tashkil etdi. AQSh eksportining yarmidan ko‘pi (52%) Yaqin Sharqqa to‘g‘ri keladi.

«AQSh dunyoda qurol yetkazib berish bo‘yicha o‘z yetakchi pozitsiyasini yanada mustahkamladi. So‘nggi besh yil ichida AQSh kamida 98 mamlakatga qurol yetkazib bergan; bu hajmlar zamonaviy qurollar, masalan, jangovar samolyotlar, kichik masofadagi qanotli va ballistik raketalar hamda ko‘plab boshqariladigan bombalarni o‘z ichiga olgan», - degan SIPRI’ning qurol-yarog‘ va harbiy xarajatlar dasturi direktori Od Fleran.

Rossiyaning 2014-2018 yillarda bozordagi ulushi, aksincha, 2009-2013 yillarga nisbatan 17%ga kamaydi. Ta'kidlanishicha, bu qisman Hindiston va Venesuela tomonidan qurollar importi qisqarishi bilan bog‘liq. So‘nggi besh yil ichida Rossiya 48 mamlakatga qurol-aslaha yetkazib berdi. Umumiy hajmining 55 foizi Hindiston, Xitoy va Jazoirga to‘g‘ri keladi.

Fransiya va Germaniya 2014-2018 yillarda eksport hajmini 43 foizga va 13 foizga oshirgan. YeI davlatlari eksportining jami hajmi dunyodagi ko‘rsatkichdan 27%ni tashkil etdi. Eng yirik eksportyorlar beshligiga yakun yasab bergan Xitoy savdolarni 2,7 foizga oshirdi. So‘nggi besh yil ichida Isroil, Janubiy Koreya va Turkiyadan qurollar eksporti sezilarli darajada o‘sdi (60%, 94% va 170%).

Eng yirik import qiluvchilarga Saudiya Arabistoni (2009-2013 yillarga nisbatan +192%), Misr (+206%), Isroil (+354%), Qatar (+225%) va Iroq (+159%) aylandi. 2014-2018 yillarda Osiyo va Okeaniya mamlakatlari harbiy yuklar umumiy hajmining 40 foizini olgan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.