O‘zbekistonda «Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari» tashkil etiladi

O‘zbekistonda «Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari» tashkil etiladi


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitalari ko‘magida nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega bo‘lgan “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari”ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilarni markazlarning asosiy vazifalari etib belgilash taklif etildi:

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda uzoq muddat bola parvarishlash ta'tilida bo‘lgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar bo‘yicha qayta tayyorlash va ularning ishga joylashishiga ko‘maklashish;

tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollarni markazlarga jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish;

ayollarning o‘z biznesini tashkil etish va yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes g‘oyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish, shu jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini tanlash va qo‘llash, buxgalteriya hisobini yuritish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;

zarur hollarda, faoliyatini boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga mahallalardagi bo‘sh turgan binolardan joy ajratilishiga ko‘maklashish;

tadbirkor ayollarga va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etishda zarur maslahatlar berish va amaliy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, ishonchli hamkorlarni topish, minitexnologiyalar va uskunalar sotib olishda ko‘maklashish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga ko‘maklashish;

norasmiy faoliyat yuritayotgan hunarmand ayollarga ro‘yxatdan o‘tish, “Hunarmand” uyushmasiga a'zo bo‘lish orqali soliqlar va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanishda hamda imtiyozli kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatish.

Belgilab qo‘yilishicha:

markazlar biznes-inkubator shaklida xotin-qizlarning tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyatini, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan tashkil etiladi;

markazlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va asosiy vazifalari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga tijorat banklariga imtiyozli kredit ajratish uchun berilgan resurslardan hisoblangan foizdan kelib tushgan mablag‘lar (bank marjasidan tashqari) hamda xalqaro tashkilotlar grantlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlar tuman (shahar) hokimi va tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxat asosida maxsus o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘qitiladi;

maxsus o‘qitish dasturlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan xotin-qizlar orasidan tegishli tuman (shahar) Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tavsiyasiga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga 6 oylik imtiyozli davr va yillik 8 foiz stavkada imtiyozli kreditlar hududlarda aholi bandligini ta'minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishni kreditlash tartiblari asosida ajratiladi;

Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tijorat banklariga har yili ajratiladigan 100 milliard so‘m resurs mablag‘lari ushbu imtiyozli kredit mablag‘larining manbasi etib hisoblanadi. Mazkur resurs mablag‘larining kamida 50 foizi qishloq joylarida istiqomat qiladigan xotin-qizlarning biznesini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi 1 oy muddatda kredit olish uchun tavsiya berish jarayonini adolatli va shaffofligini ta'minlovchi tartibni tasdiqlaydi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.