Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni tabrikladi


26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat avvalida davlat rahbari Turkiya prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarini bildirdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O‘zaro savdo hajmi yuqori sur'at bilan ortmoqda: 2018 yil yakunlariga ko‘ra tovar ayirboshlash 40 foizga oshdi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida investitsiya va innovatsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, turizm va boshqa sohalarda yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Turkiya investitsiyalari ishtirokida 655 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 270 tasi o‘tgan yili tashkil etildi.

Madaniy-gumanitar almashinuv kengayib bormoqda, turizm sohasidagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Keyingi bir yilda mamlakatga tashrif buyurgan turkiyalik sayyohlar soni 2 barobar ko‘paydi.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng miqyosda amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.

Muloqot so‘ngida prezidentlar O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladilar, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Berdimuhamedov bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bo‘lajak uchrashuvini muhokama qilgandi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.