Andijondagi “unutilgan” mahalla aholisi qanday kun kechiryapti yohud “Mahallamiz nomini o‘zgartirib berishsin!”

Andijondagi “unutilgan” mahalla aholisi qanday kun kechiryapti yohud “Mahallamiz nomini o‘zgartirib berishsin!”


Viloyat markazidan bor-yo‘g‘i 15 kilometr yo‘l bosib xuddi 100 yil ortga moziyga qaytgandek bo‘ldik.

Andijon viloyati, Andijon tumani, Otchopar MFY, Bog‘i Eram mahallasidan tushgan murojaatni o‘rgangani borib zo‘r “kashfiyotlar” guvohi bo‘lganimiz rost. “Bog‘i Eram”ga avtomashinada “yo‘l izlab” borish oson kechmadi. 15 kilometr o‘nqir-cho‘nqir so‘qmoqni bosib o‘tib, mazkur yo‘lni oxirgi 30 yilda hech kim ta'mirlash kerakligi haqida bosh qotirmaganini sezasiz.

Adirlar tepasida joylashgan Bog‘i Eram qishlog‘idagi holat bizni butunlay hayron qoldirdi.




Holat mahalla ahli o‘z murojaatida keltirganicha bor ekan. 100dan ortiq xonadonda 600 nafarga yaqin aholi yashaydigan hududda muammolar “bolalab” ketgan. “Ulardan eng kattasi hokimlik organlari tomonidan ushbu hududga bo‘lgan e'tiborsizlik”, desam rostini aytgan bo‘lamiz.

Bunday deyishning asl sababiga esa maqolamiz so‘ngida to‘xtalamiz.

Tasavvur qiling, 100dan ziyod xonadon oxirgi 30 yil davomida ichimlik suvi va ishsizlik muammolari girdobida yashamoqda.

Shu paytgacha biror ommaviy axborot vositasi qishloqqa qadam bosmagan ekan. Bizni kelganimizni bilgach, xonadon egalari ko‘chaga oqib chiqa boshladi. Ularning dardlarini tinglash esa juda og‘ir kechdi.


Ixtiro”mi yoki chorasizlik?

Ko‘cha aylanib, bizni hayron qoldirgani tomlarning tarnovi ostiga o‘rnatilgan turli qurilmalar bo‘ldi. Bunaqasini hech qayerda ko‘rmagan edik... Uylarga kirsak ham xuddi shunday uskunalar. Aholi vakillari “noyob qurilmalar” sirini asta-sekinlik bilan tushuntirib berishdi.

Turli o‘lchamdagi yelim quvurlar tarnov orqali turli kattalikdagi idishlarga yomg‘ir suvini to‘plash uchun ulangan ekan! Bir xonadonda shudgorda yotgan beton idishga tomning turli qismlaridan besh-o‘nta quvurlar kelib ulanibdi. Uy egasiga “Bu nima uchun?” deya savol beramiz. U, “Yomg‘ir yoqqanida mol-qo‘ylarni sug‘organi suv yiqqani”, deya javob berdi.






“Bu joylar bir vaqtda katta bog‘larga ega fayzli joylar edi. Hozir esa mana shu ahvol. Yoshim 70dan o‘tdi. Hammamiz iltimos qilganimizda past mahalladagi yigit ikki kunda bir “Labo” mashinasida ichimlik suvi olib keladi. Bir paqir suv bir yarim ming so‘m. Yomg‘ir yog‘sa bolalarni cho‘miltirish va kir yuvgani suv kelganiga suyunamiz. Bu holat qachongacha davom etadi? Bizni ham o‘ylaydigan rahbarlar bormi?” deydi Muhabbatxon aya Sulaymonova.

Iltimoslar bilan kelgan mashinadagi suv aholi o‘rtasida ming to‘palon bilan tarqatilar ekan. Suv kelishini kutayotgan mahalla ahlini ko‘rib taajjubga tushdik.


Mahallaning ziyoli kishisi faxriy o‘qituvchi Mukarramxon opa Yo‘ldasheva shunday deydi “Bir vaqtlar, 2015 yillarda mahallaga ichimlik suvi tortish uchun mablag‘ ajratilganidan xabarimiz bo‘lgandi. Afsuski, ish oxiriga yetkazilmadi. Har xonadonda ikki-uchtadan yosh bolalar bor. Ro‘zg‘orga eng kerakli bo‘lgan ichimlik suvi masalasi bo‘yicha murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Nahotki, bizni esdan chiqarib yuborishgan bo‘lsa?”

Qishloqning birinchi darajali eng og‘ir muammosi – ichimlik suvi masalasi.



Mahallaga suv olib kelib uchun Xirabek qishlog‘i tomonidan besh kilometr yerga quvur tortilgan bo‘lib, shu bo‘yi qolib ketgan.

Muammolar juda ko‘p

“Bog‘i Eram” hududida bir vaqtlar Teshaboy Mirzayev nomli bog‘dorchilik savxozi faoliyat yuritgan. Aholining aytishicha, 80-90 yillarda bu yerda yashovchilar yoz oylari har kuni o‘nlab yuk mashinalarini meva bilan to‘ldirish bilan band bo‘lgan ekan. Hammaning ishi tayin bo‘lib, ariqlarda, quvurlarda suv oqqan.


Hozir esa ahvol juda achinarli. Sovxoz tugatilgach, bog‘dorchilik ham bog‘lar ham yo‘q bo‘lib ketibdi. Hududda bir donagina ijtimoiy soha obekti bor ekan. U ham bo‘lsa 50- umumiy ta'lim maktabi. Bizni oldimizga chiqqan har bir kishi qo‘li bilan bola ushlaganiga hayron bo‘lgandik. Keyin bilsak, bog‘cha yo‘qligi uchun hamma bola yetaklab yurar ekan.

Mahalla kishilari bizni nochor xonadon tomon yetaklab olib borishdi. Bir xonali ta'mirlanmagan, devorlari ham yo‘q uyda Mohinur Mamazoitova va Shodmonov Tohirjonlar ikki farzandni tarbiya qilishyapti. Xonadon egasining nogironligi bor bo‘lsada, hozir chetga ishlagani ketgan ekan. “Erimning jo‘natgani faqat qornimizdan oshmayapti. Tuman hokimligiga ko‘p bora murojaat qildim. Foydasi bo‘lmadi. Ishlay desak, ish joyi yo‘q”, deydi Mohinur Mamazoitova.


Yo‘l yoqasida ikki qavatli sobiq sovxoz idorasi nurab yotibdi. Mahalla uchun biror ishlab chiqarish korxonasi qilish tuman mutasaddilarining rejasida ham yo‘q bo‘lsa kerak.


Mahalla nomiga yarasha bo‘larmikin?

Aholining “Kelganingizning foydasi bo‘larmikin?” degan savoliga javob berishimiz qiyin bo‘ldi. Yigirmanchi asrga kelib, bir paytlar gullab-yashnagan bog‘dorchilik savxozi hududidagi mahallaning abgor va achinarli holga kelib qolishi juda yomon holat.

Maqola avvalida bir so‘zni ta'kidlab ketgan edik. U ham bo‘lsa- e'tiborsizlik. Uzoq yillar be'tibor qolgan mahalladagi ichimlik suvi muammosini hal qilish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga ko‘mak berish, ish joylarini yaratish uchun endi juda ko‘p sayi-harakat kerak bo‘ladi.

90-yillar sovxoz tugatilganida mutasaddilar mahallaga “Bog‘i Eram” deya nom qo‘yishgan ekan. Afsonaviy, ertaknamo barcha mevali daraxtlar o‘sadigan bog‘ nomi. Andijon tumanidagi “Bog‘i Eram”da esa daraxtlarga quyish, qo‘y-mollarga berish uchun ham suvni pulga sotib olishyapti.



Eng yomoni aholining suv ilinjida ko‘kdan yomg‘ir kutayotgani.

Viloyat va tuman mutasaddilari, sektor rahbarlaridan zudlik bilan ko‘riladigan choralarni kutamiz.

P.S. Ha, aytganday... Bog‘i Eram mahallasiga eslatish yoddan chiqibdi? Qadimda aholi falakdan yomg‘ir kutganida ushbu qo‘shiqni aytgan: “Suz xotin, suzma xotin, Ko‘lankasi maydon xotin. Yomg‘ir yog‘sin, ho‘l bo‘lsin...”

O‘z muxbirimizdan

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.