Yaponiyada yashovchi o‘zbeklar targ‘iboti natijasida birinchi sayyohlar guruhi O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Yaponiyada yashovchi o‘zbeklar targ‘iboti natijasida birinchi sayyohlar guruhi O‘zbekistonga tashrif buyurdi


Xorijiy mamlakatlarda yashayotgan vatandoshlar O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilishi natijasida birinchi xorijiy sayyohlar delegatsiyasi – Yaponiya vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurishdi, ularni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidakbarxon Akbarov kutib oldi. Qo‘mita matbuot xizmati Kun.uz’ga shu haqida xabar berdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Prezidentning 2018 yil 25 oktyabrdagi «Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 3982-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi»da xorijiy turistlarni jalb qilish, mamlakatning turistik salohiyati, infratuzilmasi va mamlakatda turizmning yangi turlarini rivojlantirish yo‘nalishida xorijlik vatandoshlarni keng jalb qilish va ular bilan hamkorlikni rivojlantirish vazifasi yuklatilgan.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Yaponiya, AQSh, Germaniya, Chexiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Shveytsariya, Avstriya, Polsha, Latviya, Malayziya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni va boshqa bir qator xorijiy mamlakatlarda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan aloqa o‘rnatilib, ular bilan muloqot yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Qo‘mita tomonidan xorijdagi vatandoshlarga O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qiluvchi materiallar yetkazib berilmoqda. Jumladan, Chexiya, Polsha, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlarga dastlabki targ‘ibot materiallari yetkazilib, bugungi kunda vatandoshlar tomonidan targ‘ibot ishlari keng olib borilmoqda.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Yaponiyadagi o‘zbeklar birinchilardan bo‘lib targ‘ibot ishlariga ko‘maklashish tashabbusi bilan chiqib, ko‘plab shaharlarda keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yishdi. Olib borilgan bu ishlarning natijasi sifatida 11 fevral kuni birinchi sayyohlar guruhi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Guruh a'zolari Kusaba, Seino, Yagiura, Miyoshi, Koike, Yasuka, Hashimoto va Yagiuralarni Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Saidakbarxon Akbarov boshchiligidagi Qo‘mita va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan tantanali kutib olindi. Kutib olish marosimida Saidakbarxon Akbarov mehmonlarga O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida ma'lumot beruvchi tarqatma materiallar va esdalik sovg‘alari taqdim etdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

«O‘zbekistonga kelishimizdan maqsad o‘zbek madaniyati bilan yaqindan tanishishdir. Sayohatimiz 10 kundan iborat bo‘lib, shu 10 kun davomida Namangan, Andijon, Farg‘ona, Samarqand viloyatlari va Toshkent shaharlariga tashrif buyurishni rejalashtirilganmiz. Nimaga aynan O‘zbekistonni tanlaganimizga to‘xtaladigan bo‘lsak, Yaponiyaning Xiroshima shahrida yashayotgan o‘zbekistonlik Boburjon ismli yigitdan yurtingiz haqida juda ko‘p ma'lumot oldik, u bu yerda sayyohlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida va mavjud madaniy meros obektlariga oid tarqatma materiallar bilan ulashib, taqdimotlar o‘tkazdi, bizda O‘zbekistonga nisbatan juda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu sababdan biz bugun shu yerda, sizlar bilanmiz», - deydi tashrif buyurgan sayyohlar guruhi rahbari Yasuka.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Bundan tashqari, yaponiyalik mehmonlar ularni aeroportda bu qadar tantanali kutib olishganidan hayratda ekanliklarini va bu, shubhasiz, O‘zbekistonda turizmga qaratilayotgan e'tibor natijasi ekanini ta'kidlashdi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.