O‘zbekistonda Vebster Universiteti filiali ochiladi

O‘zbekistonda Vebster Universiteti filiali ochiladi


O‘zbekistonda AQShning Vebster Universiteti filiali ochiladi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatida shu haqida xabar berildi.

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Vebster Universiteti o‘rtasida ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish va inshootlardan foydalanish to‘g‘risidagi hujjat imzolandi. Mazkur hujjatning imzolanishi O‘zbekistonda Amerika oliy ta'lim muassasasi (OTM)ning birinchi doimiy filiali ochilishini tasdiqlaydi.

Imzolash marosimida AQSh Davlat departementi, Ta'lim vazirliklari, USAID, Amerika xalqaro ta'lim kengashlari, Jahon banki, Xalqaro valuta fondi rasmiylari, AQSh ta'lim va analitik doiralari vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyeva, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi vakili Ilhom Haydarov ham tadbirda qatnashishdi.

Elchi Javlon Vahobov o‘z chiqishida O‘zbekistonda inson kapitali va ta'lim sifatiga investitsiya kiritish respublika rahbariyati siyosatidagi eng ustuvor jihat ekanini ta'kidladi. U shuningdek mamlakatda xorijiy OTMlar faoliyati uchun yaratilayotgan qulay sharoitlarga ham to‘xtalib o‘tdi va qatnashchilarni respublika ta'lim bozorida ochilayotgan imkoniyatlardan foydalanishga chaqirdi.

Vebster Universiteti prezidenti Elizabet Strobl o‘quv muassasasiga O‘zbekistonda Amerika OTMlari orasida birinchi bo‘lib faoliyat yuritishiga doir ko‘rsatilgan sharaf uchun minnatdorchilik bildirdi.

"Barchamiz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oldida uning ta'lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirayotgan katta islohotlari targ‘ibotidagi yetakchiligi uchun qarzdormiz - bularning bari bizning hamkorligimiz uchun zamin yasadi", - dedi Vebster Universiteti rahbari.

Uning fikricha, Vebsterning O‘zbekistondagi ta'lim jarayonining bir qismiga aylanishga bo‘lgan intilishi mamlakatning jahon hamjamiyatidagi tarixiy-madaniy ahamiyatini e'tirof etishga asoslangan. Rahbarning ta'kidlashicha, ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha magistratura dasturining yo‘lga qo‘yilishi Amerika OTMga yanada ilhom bag‘ishladi va endi ular o‘z faoliyatini kengaytirishni maqsad qilgan.

2018 yilning sentyabrida Vebster Universiteti bilan kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bazasida TESL magistrlik dasturi yo‘lga qo‘yilgan edi (ingliz tilining ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitilishi), ayni damda O‘zbekistondagi 120 dan ziyod talaba ushbu dastur bo‘yicha ta'lim olmoqda.

Bundan e'tiboran Vebster tomonidan biznes-ma'muriyat, marketing va tadbirkorlik, kompyuter bilimlari, jurnalistika va media-sanoat, sog‘liqni saqlash boshqaruvi, STEM-ta'lim va innovatsiyalar hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha bakalavriat va magistratura uchun akademik dasturlarning to‘liq spektri taqdim etiladi.

Tadbirda so‘zga chiqqan AQSh Davlat kotibining ta'lim va madaniyat bo‘yicha yordamchisi Meri Roys u tomonidan boshqariluvchi Ta'lim va madaniyat byurosi mamlakatlar o‘rtasidagi "strategik hamkorlikning yangi davri"ni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. O‘tgan yili O‘zbekistondan 570 nafar talaba AQShda ta'lim olgan va bu avvalgi yilga qaraganda 30 foizlik o‘sishdan dalolat beradi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.