Mehnat vazirligi Peterburgda halok bo‘lgan o‘zbekistonlik migrantlar bo‘yicha yangi ma'lumot berdi

Mehnat vazirligi Peterburgda halok bo‘lgan o‘zbekistonlik migrantlar bo‘yicha yangi ma'lumot berdi


Avvalroq, Peterburg va Leningrad oblastida o‘zbekistonlik ikki nafar ishchi balandlikdan qulaganidan so‘ng halok bo‘lgani xabar berilgandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma'lum qilishicha, 6 fevral kuni ishchilardan biri Kolomyajskiy prospektidagi sexda pardozlash ishlarini olib borayotgan vaqtda balandlikdan yiqilib, halok bo‘lgan.

Halok bo‘lgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi Alisher O‘sarov bo‘lib, 1990 yilda tavallud topgan. Hozirda holat yuzasidan tergov tekshiruv o‘tkazilmoqda. Jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.

Qayd etilishicha, ayni damda uning jasadi Sankt-Peterburg shahri Yekaterininskiy ko‘chasi, 10-uyda joylashgan Sud-tibbiyot ekspertizasi byurosi o‘likxonasida.

Shuningdek, 6 fevral kuni Murino shahrida O‘zbekiston fuqarosi Tolibjon Esonov (1998 yilda tug‘ilgan) Voronsov bulvaridagi «Kraski leta» turar-joy majmuasida qurilayotgan uyning 14-qavatidan pastga tushib ketgan.

Jinoiy ish hozircha qo‘zg‘atilmagan. Ayni damda ro‘y bergan fojiani tekshirish ishlari olib borilmoqda. Halok bo‘lgan fuqaroning jasadi Leningrad oblasti Toksovo shahridagi o‘likxonaga joylashtirilgan.

Mehnat vazirligi xabarida aytilishicha, jasadlarni O‘zbekistonga olib ketish bo‘yicha tayyorgarlikka oid barcha dastlabki tadbirlar amalga oshirildi, vazirlik xodimlari olib chiqishga ruxsatnomani kutishmoqda.

Shuningdek, vazirlikning ma'lum qilishicha, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tomonidan 6 fevral kuni Rossiyada o‘ta og‘ir va yordamga muhtoj holda qolgan O‘zbekiston fuqarosi Boburjon Rasulov O‘zbekistonga olib kelingan.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Fuqaro B.Rasulov og‘ir tan jarohati oqibatida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz bir necha oydan buyon Rossiya Federatsiyasining Zaraysk shahar Markaziy shifoxonasida koma holatida bo‘lib kelgan.

Agentlik tomonidan fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi sertifikat va O‘zbekistonga yetib kelishi uchun aviachipta taqdim etilgan va mas'ul vakillar yordamida B.Rasulov Namanganga qaytarildi. Fuqaroni O‘zbekistonga olib kelish bilan bog‘liq barcha mablag‘lar jamg‘arma hisobidan qoplandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xorijda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish, xususan, ularni O‘zbekistonga qaytarish chora-tadbirlarini jadal davom ettirmoqda, deyiladi xabarda.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.