Hukumat qarori loyihasi: tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati tubdan takomillashtiriladi

Hukumat qarori loyihasi: tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati tubdan takomillashtiriladi


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining tibbiy-ijtimoiy ekspertiza tuzilmasida nogironligi bo‘lgan bolalar soni va hududlarning masofasini hisobga olgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ikkitadan pediatrik tibbiy-maslahat komissiyalari, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida bittadan pediatrik tibbiy-maslahat komissiyalari va Qashqadaryo, Sirdaryo hamda Xorazm viloyatlarida bittadan tumanlararo tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilangan tartibda:

18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda va 18 yoshdan katta shaxslarda nogironlikka olib keluvchi asosiy kasalliklar va ushbu kasalliklarda nogironlik muddatlarini belgilash mezonlari ro‘yxatini tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi huzurida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda Malaka komissiyasi tashkil etish, unga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining vrach-ekspertlar lavozimiga tanlash va tavsiya etishni amalga oshirish, shuningdek har uch yilda kamida bir marta tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari vrach-ekspertlarini egallab turgan lavozimiga muvofiqligi yuzasidan muntazam ravishda attestatsiyadan o‘tkazilishini;

har yili ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida tibbiy-mehnat ekspertiza xizmatining vrachlari va tibbiyot hamshiralarini Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, oliy tibbiyot ta'lim muassasalari, shuningdek Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi va uning mintaqalardagi filiallari bazasida bepul asosda har besh yilda kamida bir marta, muntazam ravishda malakasini oshirish kurslaridan o‘tishini;

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, oliy tibbiyot ta'lim muassasalari bazasida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, shuningdek tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun reabilitatsiya markazlari vrachlaridan reabilitologiya va ergoterapiya bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda xalqaro tajribalarni o‘rganish va olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar asosida nogironlik belgilashning xalqaro mezonlariga bosqichma-bosqich o‘tish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning individual dasturini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari va pediatrik tibbiy-maslahat komissiyalarini belgilangan talablarga javob beradigan, fuqarolarning borishi uchun qulay bo‘lgan binolar va xonalarda joylashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga har tomonlama yordam beradilar.

Belgilanishicha:

16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish pediatrik tibbiy-maslahat komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi;

davlat tibbiyot tashkilotlari tibbiy-maslahat komissiyalarining 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish yuzasidan xulosa berish funksiyasi bekor qilinadi, boshqa funksiya va vazifalari saqlab qolinadi.

Qayd etilishicha, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari va pediatrik tibbiy-maslahat komissiyalarining noto‘g‘ri xulosa chiqarganligi uchun asos bo‘lgan tibbiy hujjatlarda qasddan soxta ma'lumotlar ko‘rsatgan shaxslar, shuningdek soxta xulosalar bergan yoki nogironlik guruhini qasddan noto‘g‘ri belgilagan vrachlar va ekspertlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida ushbu qarordan kelib chiqadigan tadbirlarni amalga oshirishga va tibbiy-mehnat ekspertiza xizmatining moddiy - texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, yangi tashkil etilayotgan pediatrik tibbiy - maslahat komissiyalari va tumanlararo tibbiy - mehnat ekspert komissiyalarini joylarga borib tekshirishlar o‘tkazishi uchun transport vositalari bilan ta'minlash uchun zarur budjet mablag‘larini ajratadi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.