Yana bir «samosud» videosi tarqaldi. O‘zboshimchalik bilan jazolash holatlariga sabab nima?

Yana bir «samosud» videosi tarqaldi. O‘zboshimchalik bilan jazolash holatlariga sabab nima?


Bunday videolavhalar vaqti-vaqti bilan tarqalib turadi va virtual olamni larzaga keltiradi. Kimdir o‘z nazdida aybdor deb hisoblagan odamini ko‘pchilik ko‘z o‘ngida jazolaydi, atrofdagilar esa bunga chek qo‘yish, qarshilik ko‘rsatish o‘rniga kuzatish va suratga olish bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Xo‘sh, bizning nazarimizda kundan-kunga ko‘payayotgan olomon jazosi (keyingi o‘rinlarda «samosud») qanday omillar tufayli yuzaga kelmoqda?

Avvalo bir faktni ta'kidlash lozim – samosud holatlari avval ham bo‘lgan, hozir ham yuz bermoqda va katta ehtimol bilan kelgusida ham kuzatilaveradi. Shunchaki, omma orasida katta rezonans berayotgan holatlar sababi zamonaviy texnologiyalar asrida har bir jarayon videoga muhrlanayotgani va tez suratlarda taraqatilayotgani tufayli hozir bunday holatlar ko‘pdek tuyiladi. Bu borada rasmiy statistika yuritilayotgani to‘g‘risida ma'lumotlar yo‘q.

Oxirgi holatga e'tibor berilsa, ayol o‘z yaqinlari bilan birgalikda eri va erining jazmanini mashinada tutib olgan. Har ikkisi birdaniga do‘pposlab ketilganiga va uruvchilarning so‘zlariga qaraganda er ham, jazman ham bir necha marta ogohlantirilgan, ammo ular munosabatlariga chek qo‘yishmagan. Videoning ikkinchi qismida kaltaklash tobora kuchayib, ko‘pchilik ko‘z o‘ngida ayolning yuzi qonga belanib, unga tan jarohati yetkaziladi.

Yaqin bir yil ichida O‘zbekistonda bir nechta shunday holat kuzatildi — Beruniyda o‘g‘rilikda gumon qilingan yigit qo‘lidan osib sazoyi qilindi, Andijonda ham o‘g‘rilikda gumon qilingan, olomon qahriga uchragan ayol o‘zini soyga otib qutuldi, Toshkent markazida qilich bilan qurollangan yigitlar qarzdorlikda ayblanayotgan yigitni ko‘pchilik orasidan tahdid bilan mashinaga tiqib olib ketishdi, Samarqand viloyatida fermerning ukalari xo‘jalik hududiga kirgan ayolni xo‘rlashdi.

Shuningdek, Rossiyada fohishalik bilan shug‘ullanayotgan o‘zbek qizlarining o‘z millatdoshlari bo‘lgan erkaklar tomonidan asosan sochlari qirtishlab olib tashlash tarzidagi jazolanishi ham ko‘p kuzatildi. Bu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bunday videolavhalarning qahramonlari o‘zbek bo‘lsalar-da, o‘zbekcha gapirsalar-da, aksariyati O‘zbekiston fuqarolari emas. Qardosh davlatlarda yashovchi etnik o‘zbeklar tomonidan uyushtirilayotgan bunday samosud holatlari ko‘p hollarda Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari e'tiboridan chetda qolyapti.

Insoniyat hamisha qonun buzilishiga nisbatan «olomon qahri» qo‘llanishiga moyil bo‘lgan. Jinoyat qilgan odamning shu onda, ko‘pchilik ko‘z o‘ngida va ishtirokida jazolanishi, imkon qadar qatl qilinishi adolat tantanasi sifatida baholangan. Tarix o‘z sahifalarida bunday voqealarning juda ko‘pini muhrlagan.

O‘zbekistonda samosud holatlari hozircha olomonning yengil jazolari bilan yakunlanyapti va bu yaxshilik alomati. Ya'ni, tarixdagi kabi inson hayotiga nuqta qo‘yilgan samosudlar kuzatilmadi. Ko‘pchilik Jamshid Kenjayevning tungi klubdagi o‘limini ham samosudga tenglashtiryapti. Ammo bu holatni ko‘proq kutilmagan ziddiyat tufayli sodir bo‘lgan o‘lim deb hisoblash mumkin (aniq bahoni sud beradi).

Samosudni qoralaganlar ko‘pchilikni tashkil qilsa-da, bunday holatlarni yoqlaganlar ham talaygina. Umuman, bu amaliyot ham insoniyat hamisha bahslashib o‘tadigan jarayonlardan biridir va hamisha uni oqlovchilar hamda qoralovchilar topiladi.

Xo‘sh, bunday holatlar sababi nima?

Odamlar ongida har doim jinoyatchiga shu onda va shafqatsiz jazo berish istagi kuchli bo‘ladi. Ayniqsa davlat tomonidan jazo muqarrarligi shubha ostida, yoki yengil jazo bilan qutilish ehtimol yuqori bo‘lsa, samosud holatlari ko‘payadi.

O‘zbekistondagi bunday holatlar kuzatilishini ham bir necha omillar bilan bog‘lash mumkin.

* Olomon tomonidan sazoyi qilib jazolash bunday ayblarga chek qo‘yadi, degan tor tushuncha bor. Aslida esa bu jazoning samarasi juda shubhali;

* Ko‘pchilikning huquqiy ongi samosud qilishning o‘zi jinoyat ekanligi, buning uchun real jazoga tortilish mumkinligini, har qanday jinoyat albatta surishtiruv-tergov jarayonidan o‘tishi, jinoyatda ayblanuvchi himoyalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi shartligi, jinoyatchi tamg‘asini qo‘yish va jazo belgilash faqat sud vakolati ekanligini anglamaydi;

* Ichki ishlar tizimlarida yuz bergan qator voqealar, jumladan, Kattaqo‘rg‘onda ayolning yechintirilishi va tahqirlanishi militsiya xodimlarining o‘zi ham qonundan tashqari jazo qo‘llashi mumkinligini ko‘rsatgan bo‘lsa, ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilshod Akramov o‘z xizmat xonasida o‘ldirib ketilishi fuqarolarni himoya qiluvchi organning o‘zi himoyaga muhtoj bo‘lib qolgan, degan tasavvur paydo qildi. Bularning hammasi shoshilinch qaror chiqaruvchi kishilar ongida aynan samosud zarurligi haqida fikr o‘yg‘otgan;

* Samosud jarayonida ko‘p hollarda olomon vakillari gumondorni bir qo‘rqitib qo‘yishni, shu yo‘l bilan jinoyatdan qaytarishni o‘ylaydi. Lekin vaziyat har onda izdan chiqib ketishi, ko‘pchilik otgan bittadan tosh yoki tushirgan bir donadan musht bir insonning hayotiga yakun yasashi mumkinligini anglab yetmaydi;

* Zamonaviy gadjetlarning har onda xizmatga shayligi, qiziqarli tuyilgan har qanday jarayonni suratga olib, videolavhalarni internetga joylash ortidan qahramonga aylanish istagi ham bor. Ayrim samosudchilar o‘z harakatlari videoga olinayotganidan yanada zavqlanadilar va adolat kurashchisi sifatida maydonga chiqayotganlaridan g‘ururlanadilar. Aslida esa o‘z jinoyatlarini rad etib bo‘lmas dalillar bilan muhrlab qo‘yadilar, xolos.

Samosud uyushtirganlarga nisbatan jazo individual aniqlanadi, ya'ni har bir holat alohida o‘rganilib, har bir ishtirokchining harakatiga alohida huquqiy baho beriladi.

Samosud holatlari butun dunyoda kuzatilgan va hamon davom etib kelmoqda. Hozirga qadar ham Boliviyada o‘g‘rilar va talonchilar olomon oldida osiladi, qatlni ijro qilganlar aytarli jazoga tortilmaydi. Ko‘pchilik uylar oldida dorga osilgan qo‘g‘irchoq borligi o‘g‘rilarga jazoning muqarrarligini eslatib turadi.

Lekin inson huquqlari (jumladan aybi sud tomonidan tasdiqlangan jinoyatchilar huquqlari ham) ustuvor bo‘lgan har qanday davlat, xususan, O‘zbekistonda ham har qanday samosud holatlari qattiq qoralanadi. Chunki, har qanday aybdorga sud tomonidan va qonun doirasidagina jazo berilishi mumkin.

Abror Zohidov

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.