Qibrayda 1-sinf o‘quvchisini urgan o‘qituvchi sudlanadigan bo‘ldi

Qibrayda 1-sinf o‘quvchisini urgan o‘qituvchi sudlanadigan bo‘ldi


Qibray tuman IIB navbatchilik qismiga 2019 yil 23 yanvar kuni kelib tushgan xabarga ko‘ra, Qibray tumanidagi mahallalardan birida istiqomat qiluvchi Yu.B. 2011 yilda tug‘ilgan farzandi Sh.A. bilan 22 yanvar kuni Qibray tumani tibbiyot birlashmasining qabul bo‘limiga murojaat qilgani va o‘g‘lini Qibray tumani maktabda, ingliz tili darsida o‘qituvchisi Z.J. urib, tan-jarohati yetkazganligini aniqlangan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Kun.uzʼga ma'lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshirish davrida tushintirish bergan 2011 yildan buyon maktabda ishlab kelayotgan 31 yoshli o‘qituvchi Z.J.ga ko‘ra, 22 yanvar kuni 1-“B” sinfiga mashg‘ulot o‘tayotgan vaqtida o‘quvchisi Sh.A. dars vaqtida kulib gaplashib o‘tirganligini, uni bir necha marotaba tartibga chaqirishiga qaramay, gaplashib o‘tirganligini sababli tanbeh sifatida bir marotaba yuz qismiga urib yuborganligini aytib o‘tgan.

Sud tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Sh.A. o‘g‘lini o‘ng yuz yumshoq to‘qimasini lat yeyishi va teri osti gematomasi ko‘rinishidagi tan jarohati, 6 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga buzilishiga olib keladigan va shu belgisiga ko‘ra og‘irlik darajasi bo‘yicha sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati toifasiga kirishligi aniqlangan.

Bundan tashqari, fuqaro Z.J. joriy yilning 23 yanvar kuni Qibray tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda shu kuni soat 08:00 larda maktab o‘qituvchilaridan biri bilan birga Sh.A.dan xabar olgani borganida, uning otasi I.A. tomonidan haqoratlanganligini bayon qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qibray tuman IIB XPB profilaktik inspektori Sh.Abdullayev tomonidan 29 yanvar kuni JPKning 83-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish va o‘qituvchi Z.J.ning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 52-moddasi 2-qismi va o‘quvchining otasi — I.A.ning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlanganligi sababli ularga nisbatan to‘plangan hujjatlarini Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudga mazmunan ko‘rib chiqishlik haqida qaror qabul qilingan.

Ayni paytda to‘plangan hujjatlarni ma'muriy tartibda ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish choralari ko‘rilmoqda.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.