O‘zbekistonning turizm salohiyati Yaponiyadagi vatandoshimiz tomonidan targ‘ib etildi

O‘zbekistonning turizm salohiyati Yaponiyadagi vatandoshimiz tomonidan targ‘ib etildi


“Fukuoka international centre” Xalqaro o‘qituvchilar jamoasining O‘zbekiston bo‘yicha vakili, vatandoshimiz Mahbuba Kamolova Yaponiyada 200 ga yaqin talabalar va ularning ota-onalari uchun targ‘ibot tadbirini tashkil etdi”, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir O‘zbekistonning turizm salohiyatini Yaponiyada keng targ‘ib qilish, yapon yoshlarini mamlakatimiz va uning turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimiz, xalqimizning boy urf-odat va an'analari, milliy liboslari, tarixiy shaharlari, milliy taomlari va betakror tabiati haqida ma'lumotlar berilib, O‘zbekistonning turizm salohiyatini o‘zida aks ettirgan videoroliklar hamda fotosuratlar namoyish etildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Mahbuba Kamolovaning aytishicha, u 2014 yildan buyon Yaponiya maktablari, kollejlari, universitetlari va madaniyat uylarida O‘zbekiston haqida turli mavzularda taqdimot va tadbirlar o‘tkazib keladi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

“Har bir tadbirdan so‘ng yaponlarning yurtimiz madaniyati, tarixi, turmush tarziga bo‘lgan qiziqishlarining ortganligini his qilardim. Bu safardagi tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etdik hamda qo‘mita tomonidan taqdim etilgan O‘zbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi targ‘ibot materiallari, jumladan videoroliklar, rasmlar va boshqa vositalardan foydalanildi. Taqdimotim jonli va qiziqarli o‘tdi, shu bilan birga, O‘zbekiston tinglovchilarda turizm maskani sifatida qiziqish uyg‘otdi”, deydi u.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, 2019 yil davomida Mahbuba Kamolova bilan birgalikda qator shu kabi tadbirlarni tashkillashtirish rejalashtirilgan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.