Osiyo Kubogi. Bugun O‘zbekiston muddatidan oldin pley-offga chiqishi mumkin

Osiyo Kubogi. Bugun O‘zbekiston muddatidan oldin pley-offga chiqishi mumkin


Hafta bilan birga Osiyo Kubogida guruh bosqichining 2-turi ham yakuniga yetib bormoqda. Bugun navbatdagi bosqich masalasini hal etgan jamoalar soni o‘ntaga yaqinlashishi mumkin.

«E» guruhi
Toshkent vaqti bilan soat 16:00da KXDR – Qatar o‘yini kun uchrashuvlarini boshlab beradi. To‘rt yil oldingi Osiyo Kubogida ushbu ikkala jamoa ham birorta ochko yig‘a olmay, o‘z guruhlarida so‘nggi o‘rinni olgan edi. Qatar bu gal pley-offga chiqishga yaqin turibdi: Feliks Sanches jamoasi hafta o‘rtasida Livan bilan bahslashib, 65-daqiqadan keyin raqib darvozasiga ikki marta yo‘l topa oldi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Shimoliy Koreya esa Saudiya Arabistonidan 0:4 hisobida yengildi. Koreyslarga ikkinchi turda ham oson bo‘lmasligi aniq, chunki Qatarni durang natija ham keyingi bosqichga olib chiqadi.

16:00. KXDR – Qatar
17 yanvar: Saudiya Arabistoni – Qatar, Livan – KXDR


«F» guruhi
Soat 18:30dan boshlab Ummon va Yaponiya terma jamoalari Abu Dabida, 21:00da esa Turkmaniston va O‘zbekiston Dubay shahrida o‘zaro bahsga kirishadi. O‘zbekiston termasi himoyachisi Yegor Krimets o‘tgan o‘yindagi qizil kartochka sabab bu turni o‘tkazib yuboradi. Markaziy Osiyo derbisini mezbon BAA vakili Ammor Al–Jyeneybi boshqarib borishi belgilangan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston va Turkmaniston terma jamoalari hozirga qadar 9 marotaba kuch sinashgan bo‘lib, ulardan 7tasida o‘zbekistonliklarning qo‘li baland kelgan; bir bahsda durang qayd etilgan, yana bir uchrashuv Turkmaniston foydasiga hal bo‘lgan. To‘plar nisbati – 20:5.

18:30. Ummon – Yaponiya
21:00. Turkmaniston – O‘zbekiston

17 yanvar: Ummon – Turkmaniston, Yaponiya – O‘zbekiston


Eslatib o‘tamiz, hozirga qadar Iordaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Eron va Iroq kabi terma jamoalar guruh bosqichidan chiqish vazifani uddalab bo‘lishdi. Bugun ular qatoriga Qatar, Yaponiya va O‘zbekiston terma jamoalari qo‘shilishi mumkin.

loading...

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.