CES 2019: «teri uchun printer», robot itlar va o‘raladigan televizor

CES 2019: «teri uchun printer», robot itlar va o‘raladigan televizor


8-11 yanvar kunlari Las-Vegasda CES 2019 ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning yirik kompaniyalari o‘zlarining so‘nggi texnologik ishlanmalarini namoyish etdi. Quyida ko‘rgazmada namoyish etilgan ayrim mahsulotlar bilan tanishishingiz mumkin.

Procter&Gamble’dan «teri uchun printer»

Procter&Gamble CES ko‘rgazmasida Opté qurilmasini namoyish etdi. U teridagi muammolarni avtomatik rejimda bartaraf qiladi. Buning uchun qurilma yuqori tezlikda ishlaydigan kameradan foydalanadi: u rangi terining boshqa qismlari rangidan ajralib turuvchi teri qismini qidirib topadi va o‘sha qismga maxsus krem surtadi.

Opté siyohli printer kabi ishlaydi, faqat uning ichida siyoh o‘rniga mineral va namlovchi vositalardan iborat tonal krem bo‘ladi. Qurilma kremni faqatgina muammoli joyga surtadi. P&G kompaniyasidagilarning ta'kidlashlaricha, undan muntazam foydalanilganda teridagi nuqsonlar butunlay yo‘qolib ketadi.

Samsung’dan modulli televizor

Samsung The Wall deb nomlanuvchi modulli televizorni namoyish etdi. U bloklardan iborat bo‘lib, diagonali 219 dyuym bo‘lgan prototip ko‘rsatildi, ammo nazariy jihatdan u istalgan o‘lchamga ega bo‘lishi mumkin.

Televizorning har bir blogi yorug‘lik diodlaridan foydalanuvchi MicroLED texnologiyasi asosida ishlangan. The Wall tasvirni 8K-o‘lchamda uzata oladi.

O‘raladigan LG televizori

LG 65 dyuymli OLED-ekran bilan jihozlangan Signature televizorini namoyish qildi. U xuddi qog‘oz singari o‘raladi. Tugmacha bosilishi bilan ekran bir necha soniya ichida o‘ralishi yoki tiklanishi mumkin.

Displey bir necha ish rejimlariga ega bo‘lib, uni to‘liq o‘ramaslik ham mumkin. U yarmigacha o‘ralgan holatda tasvirni 21:9 hajmda ko‘rsatadi, ensiz tasma holatida esa ob-havoni ko‘rsatishi mumkin yoki pleyer sifatida foydalansa bo‘ladi. Televizor 2019 yil oxirida sotuvga chiqadi.

Continental’ning robot itlari

Continental kompaniyasi robot itlar va o‘zi boshqariladigan mashinalar yordamida yetkazib berish xizmati konsepsiyasini taqdim etdi. Bunda avtomobillar robot itlar va jo‘natmani kerakli manzilgacha olib boradi, robot itlar esa jo‘natmani eshik tagiga olib borib beradi.

Ko‘rgazma vaqtida jurnalistlarga yetkazib berishning so‘nggi bosqichi namoyish etildi. Robot it zina bo‘ylab ko‘tarildi, eshik qo‘ng‘irog‘ini chaldi va jo‘natmani eshik tagiga qo‘ydi. Jurnalistlar bundan unchalik hayratlanishmadi: The Verge nashri konsepsiyani «eng g‘alati yetkazib berish xizmati» deb atadi, chunki robot barcha ishni juda sekinlik bilan bajardi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.