Ektor Kuper: «Natija birinchi o‘rinda ekanini unutmaslik lozim»

Ektor Kuper: «Natija birinchi o‘rinda ekanini unutmaslik lozim»


Osiyo Kubogi guruh bosqichining 2-turi doirasidagi Turkmanistonga qarshi bahs oldidan O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va himoyachi Anzur Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.


«Birinchi o‘yinimiz og‘ir o‘tdi va bizni yana bir qiyin uchrashuv kutib turibdi. Turkmaniston birinchi o‘yinda Yaponiyaga munosib qarshilik ko‘rsata oldi. Ertaga faqat g‘alaba uchun maydonga chiqamiz», – deya ta'kidladi Ektor Kuper.

«Ertaga bo‘ladigan o‘yin ham oson o‘tmaydi. Raqibni o‘rganib chiqqanmiz. Birinchi qadamni tashladik, endi navbatdagi o‘yinda g‘alaba qozonib yana uch ochko olishimiz kerak», – dedi Ismoilov.

– Ummonni mag‘lub etgan bo‘lsak-da, o‘yin saviyasi e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Birinchi o‘yindan qanday xulosaga keldingiz?


– O‘yin sifati deganda hamma har xil narsani tushunadi. Bu uchrashuvni qanday nuqtayi nazar bilan kuzatishga bog‘liq. Ummon bilan o‘yinda asosiy maqsadimiz 3 ochko olish edi. O‘yinimizda ba'zi muammolar borligini bilamiz. Natija birinchi o‘rinda turishini unutmaslik kerak.

- Turkmanistonning Yaponiya bilan 2:3 hisobini qayd etishi ba'zilar uchun kutilmagan hol bo‘ldi, siz uchun ham shunday bo‘ldimi?

- Bu o‘yinni ko‘rdim, Turkmaniston qit'aning eng yetakchi termalaridan bo‘lgan Yaponiyaga qarshi munosib o‘yin ko‘rsata oldi. Bu bahsni kuzatish davomida ko‘proq Yaponiya diqqatimiz markazida bo‘ldi. Turkmaniston ham o‘z uslubiga ega jamoa. Ertangi o‘yinda har ikki tomon ham o‘z uslubida to‘p suradi va buning samarasini natija ko‘rsatadi.

- Odatda Krimets va Ismoilov tandemidan foydalanib kelgansiz, ertaga Yegor maydonga tusha olmaydi. Uning o‘rnini pozitsion o‘yin ko‘rsatishda ustunlikka ega To‘xtaxo‘jayev bilan to‘ldirasizmi yoki yakkakurashlarda ishonchli harakat qiluvchi Doston Tursunov bilanmi?

- Krimetsning o‘rnini bosish uchun ikki futbolchi bor. Hozir bu boradagi qarorimga to‘la aniqlik kirita olmayman.

- Turkmanistonning himoya chizig‘ini mustahkam deb bo‘lmaydi. Shunga qaramay O‘zbekiston baribir himoyaga asosiy e'tiborni qaratgan holda to‘p suradimi?

- Turmanistonning himoyasini kuchsiz deb baholamagan bo‘lardim. Bunday fikrga kelishda jamoa Yaponiya qarshi o‘ynaganini ham hisobga olish kerak. Biz o‘zimiz imkon qadar ko‘proq tomoshabop va hujumkor o‘yin ko‘rsatishga urinamiz.

- Osiyo Kubogida VAR tizimi chorak finaldan boshlab qo‘llanadi. Guruh bosqichidagi qator bahsli vaziyatlardan so‘ng bu muhokama mavzusiga aylanib qoldi. Siz qanday fikrdasiz?

- Bu kabi muammolarni hal qilish uchun mas'ul shaxslar bor. Men bu kabi narsalarga e'tibor qaratishni istamagan bo‘lar edim. Men diqqatimni o‘z jamoamga qarataman.

- Misr terma jamoasini boshqarganingizda ko‘pchilik sizni antifutbol ko‘rsatishda ayblagan edi. Hozirgi jamoangizda avvalgidan farqli yo‘nalishda ishlayapsizmi?

- Misr terma jamoasi bilan solishtirmagan bo‘lardim. Ikki jamoaning o‘yin uslubi butunlay boshqa-boshqa. Hamma muxlislarga va jurnalistlarga birdek yoqish imkonsiz.

– (Savol Anzur Ismoilovga) Siz o‘tgan galgi Osiyo Kuboklarida ham ishtirok etgansiz. Hozirgi O‘zbekiston terma jamoasini avvalgi musobaqalardagi jamoa bilan solishtira olasizmi?


– Men uchta Osiyo Kubogida ishtirok etdim. Hozirgi tarkib asosan yoshlardan iborat, faqat 2-3 nafar yoshi katta futbolchilar bor. Yoshlarimiz Osiyo chempioni bo‘lishdi, bu yigitlar yaxshi tempda o‘sib borishyapti.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.