AQShda hukumat ishining to‘xtab qolishi davomiyligi bo‘yicha rekord urildi. Bu iqtisodiyotga qanchaga tushadi, maoshsiz qolganlar nima qilyapti?

AQShda hukumat faoliyati qisman to‘xtab qolishining davomiyligi bo‘yicha 22 kunlik rekord urildi. Avvalgi rekord Bill Klinton prezidentligi davrida o‘rnatilgan edi, deb yozadi “RBK”.


Foto: Andrew Harrer / Bloomberg

Tramp o‘zidan avvalgi prezidentlarni ortda qoldirdi

12-yanvarda AQShda hukumat ishini qisman to‘xtatish (shatdaun) davomiyligi avvalgi rekordni urdi. Joriy shatdaun 22-dekabr kuni boshlangan; qachon tugashi esa noma’lum. Oldingi rekord Bill Klinton davrida o‘rnatilgan bo‘lib, 21 kun davom etgan — 1995-yil 16-dekabrdan 1996-yil 5 yanvargacha.

Barak Obama davrida esa 2013-yil 1—16-oktabr kunlari hukumat faoliyati moliyalashtirilmagan.

Tramp esa bir prezidentlik muddatining o‘zida uchinchi shatdaunga to‘qnash kelmoqda. Prezident va Kongress o‘rtasidagi hukumatni moliyalashtirish bilan bog‘liq avvalgi ikki kelishmovchilik tezda hal bo‘lgan edi. Hukumat ishining qisman to‘xtatilishi dastlab uch kun davom etdi (2018-yil 20—22-yanvar), ikkinchisi esa — bir sutkadan kamroq.

Prezident va kongressmenlar o‘rtasidagi bu safargi nizoning sababi — Meksika bilan chegarada devor qurishni moliyalashtirish masalasidir. Meksika—Amerika chegarasining uzunligi taxminan 3200 kilometrni tashkil qiladi, Obama davrida chegaraning 1100 kilometrida to‘siq qurilgan. Tramp qurilish uchun 5,7 milliard dollar talab qilmoqda, ammo Kongressning ikkala palatasidagi demokratlar bunga qarshi. Amerika OAVlarining xabariga ko‘ra, prezident mamlakatda favqulodda holat e’lon qilishga tayyor, bu unga turli idoralar budjetidan qurilish uchun mablag‘ olishga imkon beradi. Biroq, bu qadam sudda shubha ostiga olinishi mumkin, deya yozadi The Wall Street Journal.

Shatdaun kimga qanday ta’sir ko‘rsatdi va davlat xizmatchilari qanday yo‘l tutyapti?

  • Federal tashkilotlar faoliyatining katta qismi (75 foizi) kelgusi yilning 30-sentabriga qadar to‘liq moliyalashtirilgan, deya eslatmoqda Reuters. Qolgan to‘lovni qoplash uchun Kongress a’zolari pul mablag‘lari ajratish to‘g‘risida alohida qonun loyihasi ishlab chiqishga rozi bo‘lishi kerak edi. Qonun loyihasi qabul qilinmagunicha, 800 mingga yaqin xodim yoki to‘lovsiz ishlashi (deyarli 420 ming kishi) yoki majburiy ta’tilga chiqishi (taxminan 380 ming kishi) to‘g‘ri keladi. Mablag‘ ajratilgandan so‘ng, davlat xizmatchilariga to‘lanmagan summa qayta hisoblab, to‘lab berilishi kerak.
  • 11-yanvar kuni navbatdagi ish haqini olmagan davlat xizmatchilari vaqtinchalik ish izlayapti va undan avvalgi kredit to‘lovlarini qoplash uchun yangi kichik kreditlar olyapti, deya xabar bermoqda Associated Press. Yuta shtatida AQSh soliq xizmatida ishlovchi ikki farzandning onasi — Tiauna Guerra vaqtinchalik ish topishga harakat qilayotgani, lekin uni hech kim ishga olmayotganini agentlikka gapirib berdi. Chunki hech bir kompaniya shatdaun tugagach, xodimi yana ishdan ketishini xohlamaydi. Guerra avtomobil to‘lovini amalga oshirish uchun qarz olishga majbur bo‘lgan. Illinoys shtatida yashovchi to‘rt farzandning onasi, 34 yoshli Mishel Uollas esa katta o‘g‘li o‘ynagan basketbol o‘yiniga borolmaydigan bo‘ldi. Chunki eri ikkovi hukumat ishchisi, shuning uchun hozir ularda chipta sotib olishga va benzinga yetarli pul yo‘q.
  • Alabama shtatidagi o‘zining Redstoun arsenali bilan tanilgan Hantsvill raketachilar shaharchasi esa huvillab qolgan: u yerda 70 ga yaqin federal agentlikning vakolatxonalari joylashgan, hudud iqtisodiyotining qariyb yarmi esa federal mablag‘larga bog‘liq. Shaharda o‘tgan oylarda sayohatchilar bilan to‘lib-toshgan mehmonxona va restoranlar hozirda bo‘m-bo‘sh. “Yorug‘ kunlar tugadi,” — deya uchta restoranning boshqaruvchisi Maykl Norvern so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Associated Press. Aytishicha, Shatdaun sabab uning biznesi 35 foiz yaqin daromadini yo‘qotyapti.
  • Shatdaunning ta’siri milliy parklarda ayniqsa yorqinroq sezilgan. Kaliforniyadagi Joshua-tri milliy bog‘ida qorovullarning yo‘qligi tufayli (shu sababli park aslida tashriflar uchun to‘liq yopilgan edi) sayyohlar parkda sayr qilish qoidalarini buzyapti, chiqindilar tashlab ketyapti va daraxtlarga zarar yetkazyapti.
  • Hukumatning ishini to‘xtatish AQSh iqtisodiyoti uchun qanchalik qimmatga tushishi hali aniq emas. Oq uyning iqtisodiy maslahatchilar kengashining hisobiga ko‘ra, 2019-yilning birinchi choragida AQSh yalpi ichki mahsuloti hajmi 0,1 foizga qisqarishi mumkin. Standard & Poor’s hisob-kitoblariga ko‘ra, 2013-yilgi shatdaun iqtisodiyotga 24 milliardga tushgan edi.
  • AQSh qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi xodimlarini qisqartirilgani (4436 nafar xodimdan faqat 285 nafari ishga chiqyapti) Uber va Lyft kabi kompaniyalarning aksiyalarini birjaga ilk joylashtirish (IPO) jarayonining keyinroqqa surilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kompaniyalar hali aniq bir sanani rasman e’lon qilmagan edi, biroq taxminiy vaqtlar ochiqlangan edi.
  • Shatdaun Donald Trampning ishiga ham ta’sir qildi: shatdaun sabab prezident Davosdagi Jahon iqtisodiy forumiga safarini bekor qilib, Rojdestvoni Vashingtonda nishonladi.
loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.