Qarshidagi xonadon ichidan chiqqan «buloq»dan oila aziyat chekmoqda. Muammoga yechim topiladimi?

Qarshidagi xonadon ichidan chiqqan «buloq»dan oila aziyat chekmoqda. Muammoga yechim topiladimi?


Qachondir yo‘l qo‘yilgan xato vaqti kelib bir qator muammolarga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, belgilangan me'yor va qoidalarga amal qilinmay amalga oshirilgan qurilish kelgusida ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Xatoni kimdir qiladi, jabrini boshqa ko‘radi. Bunday holatlar soha vakillarining o‘z ishiga mas'uliyatsizlarcha yondashganligidan kelib chiqadi.

Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridan kelgan murojaatni joyida o‘rganishimiz jarayonida guvohi bo‘lgan holatlarimiz ana shunday fikr yuritishimizga sabab bo‘ldi.

Kun.uz saytiga murojaat qilgan Qarshi shahri, «G‘ofur G‘ulom» mahallasidagi A.Xo‘jayev xonadonida bo‘ldik.

«Uyimiz ostidan magistral ichimlik suvi quvuri o‘tgan ekan. Shu vaqtgacha bilmagandik. 2018 yil 23 noyabrda xonadonimiz polidan suv sizib chiqdi. Pol osti suvga to‘lib qolgan ekan. Shundan keyingina uy ostidan suv tarmog‘i o‘tganligini bildik. Quvur yorilib ketgan ekan. Shu paytgacha muammo hal bo‘lmayapti», – deydi biz bilan suhbatda A.Xo‘jayev.


Xonadon egasi bu holat bo‘yicha Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilgan. Ajablanarlisi, xonadondagi holat o‘rganilmay fuqaroga Qashqadaryo viloyati «Suvoqova» DUK direktor Sh.Murodov tomonidan javob xati kelgan.

Unda Qarshi shahar «Suvoqova» filiali ishchi guruhi tomonidan murojaatchi ishtirokida holat o‘rganilganligi, muallifga nosozlik bartaraf etilishi tushuntirilgani aytilgan. Ammo A.Xo‘jayev hech qanday ishchi guruh kelmaganligi, holatni o‘rganmaganligi bildirdi.


Ma'lum bo‘lishicha, ushbu uylar 1989 yilda davlat tomonidan qurilgan. O‘sha vaqtda belgilangan me'yorlarga amal qilinmagan va magistral ichimlik suvi quvuri ustiga ular barpo qilingan. Uylar uchun barcha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib berilgan.


Ancha yillar avval yo‘l qo‘yilgan xato bugungi kunda ushbu oilaning aziyat chekishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu xonadonning yon-atrofidagi uylarda istiqomat qilayotgan oilalar ham shunday xavf ostida yashamoqda.


Ushbu holat yuzasidan shahardagi tegishli tashkilotlar mutasaddilari bilan uchrashdik.

«Mazkur holat yuz bergandan keyin ertasiga kelib suvni to‘xtatdik. Quvurni ta'mirlash ishlarini olib bordik», – deydi «Suvoqova» DUK Qarshi shahar filiali bosh muhandisi Z.Ravshanov.

«Boshidan qurilish me'yorlariga amal qilmaslik ushbu muammoni kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Endi manzilli dastur asosida quvurni ko‘chirish ishlarini amalga oshirish lozim», – dedi Qarshi shahar hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi Xurshid Ziyatov.

Ammo 2019 yil uchun manzilli dasturlar tasdiqlanib bo‘lgan. Buning uchun bu oilalar yana bir yil shunday xavfda yashashi kerakmi? Muammoning boshqa yechimi yo‘qmi?

Ushbu savollarga javob olish uchun Qashqadaryo viloyati «Suvoqova» DUK bosh muhandisi Bahrom Mirzayev va Qarshi shahar hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Ulug‘bek Avazov bilan uchrashdik. Mazkur masala mutaxassislar ishtirokida muhokama etildi.


«Masalaning yechimi yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘ramiz. Xarajatlarni hisoblab chiqib, belgilangan tartibda quvurni ko‘chirish ishlarini boshlaymiz. Bu ishlar tez kunlarda boshlanadi», – deydi Qarshi shahar hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Ulug‘bek Avazov.

«Quvurni ko‘chirish ishlari boshlangunga qadar hududdagi ichimlik suvi mutaxassislarimiz tomonidan doimiy nazorat qilib turiladi. Xonadonlarga ziyon yetmasligi uchun zarur ta'mirlash ishlari olib boriladi», – dedi Qashqadaryo viloyati «Suvoqova» DUK bosh muhandisi Bahrom Mirzayev.

Mutasaddilar ushbu muammo ijobiy hal etilishini bildirishdi. Ayni vaqtda mutaxassislar tomonidan xonadon ostidagi quvurda zarur ta'mirlash ishlari olib borilgan.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi va bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek Samad o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

loading...

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.