Murojaat natijasi: nogironligi bo‘lgan shofirkonlik ayolga ko‘mak berilmoqda

Murojaat natijasi: nogironligi bo‘lgan shofirkonlik ayolga ko‘mak berilmoqda


Kun.uz saytida 2018 yil 2 yanvar kuni «Shofirkonda nogironligi bo‘lgan boshpanasiz ayol yig‘laydi, uch farzandi sovuqdan titraydi» nomli maqola e'lon qilingan edi.

Unda shofirkonlik nogironligi bo‘lgan Mamlakat Sodiqovaning uch farzandi bilan og‘ir sharoitda yashayotganligi bayon qilingandi.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati, Shofirkon tumani hokimi J.Ravshanov nomidan xat keldi.



Xatda ta'kidlanishicha, maqolada keltirilgan holatlar ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilgan va bu oilaga barcha zarur ko‘maklar berilgan.

Ushbu ma'lumotni o‘rganish uchun yana Shofirkon tumaniga yo‘l oldik va Mamlakat Sodiqovaning ijaradagi xonadonida bo‘lib, u bilan suhbatlashdik. O‘rganishimiz davomida Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Ibragimova, Shofirkon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari R.Karimov ham ishtirok etdi.

Haqiqatan ham ayni vaqtda bu oilaning yashash tarzi ijobiy tomonga o‘zgargan. Viloyat va tuman hokimliklari tomonidan gaz plita, muzlatgich, televizor, bolalari uchun karavotlar, jihozsiz uylarga gilamlar, divan, yangi ko‘rpa-to‘shaklar yetkazilgan. Xonadonga uzilgan gaz qaytadan ulab berilgan. Nogironligi bo‘lgan 12 yoshli qizining nogironlik aravachasi yangilangan.





Mamlakat Sodiqova va uning farzandlarining sog‘ligi tibbiyot xodimlari tomonidan nazoratga olingan. Barcha zarur dori-darmonlar berilib, tibbiy muolajalar olib borilmoqda.


«Bizga yordam bergan barchaga rahmat aytmoqchiman. Hokimlik mas'ullari katta yordam berdi. Shuningdek, maqola e'lon qilingandan keyin juda ko‘p yaxshi insonlar qo‘ng‘iroq qilib, oziq-ovqat va pul mablag‘lari berib ketishdi. Haligacha hol-ahvol so‘rashmoqda», – deydi Mamlakat Sodiqova biz bilan suhbatda.

Ma'lum bo‘lishicha, viloyat va tuman hokimligi, qolaversa, yaxshi insonlar ko‘magi bilan oilaning uy-joy masalasi ijobiy hal etilmoqda.

«Uyga muhtoj va ehtiyojmand ayollarimiz bor. Bu ayolning muammosini viloyat hokimi bilan muhokama qildik. Viloyat rahbari barcha tumanlar mas'ullariga shu kabi oilalar uchun tayyor bino topib, oilaviy yotoqxona sifatida jihozlashga topshiriq berdi. O‘ylaymanki, bu orqali barcha shu kabi oilalarning uy-joy masalasi yechim topadi», – deydi Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Ibragimova.

Muhimi, mutasaddilar va yaxshi insonlar ko‘magida og‘ir sharoitda yashayotgan bir oilaning muammolari yechim topdi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.