Pensiya sohasidagi islohotlar qanday ketmoqda?

Pensiya sohasidagi islohotlar qanday ketmoqda?


Pensiya haqida gap ketganda doim bir holat yodimga tushadi. Bundan 4 yil muqaddam viloyatga, tug‘ilib o‘sgan mahallamga borganimda yoshi ulug‘ mahalladoshlarim pensiya va naqd pul masalasida arz qilib qolishdi. O‘sha paytlar pensiyalar yuz foiz plastik kartochkaga tushirilar, do‘konlarda esa narxlar plastik kartadan yoki naqd pul orqali to‘lanishiga ko‘ra sezilarli tafovut qilardi. Qishloq joylarda ba'zi narsalarni, misol uchun go‘shtni plastik kartochkaga olishning imkoni yo‘qligi uchun ayrimlar mablag‘larini naqdlashtirish uchun kartochkalarini kirakashlik qiladigan yigitlarga berib qo‘yar, ular benzin olishda kartadan foydalanib, naqd pulni egalariga bo‘lib-bo‘lib qaytarishardi. Aholining plastik kartochkadan foydalanishini ko‘paytirish masalasi esa sohaga mas'ul organlar tomonidan asosan ma'muriy yo‘llar bilan amalga oshirilardi. Oqibatda oddiy odamlar, ayniqsa viloyatlardagi pensionerlarning noroziligi bisyor edi.

O‘sha pallada keksalarimiz muammosini hal qilish, ularning duosini olish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilib, tanish-bilishlarni ishga solishimga to‘g‘ri kelgandi.

Virtual qabulxonaga o‘sha paytda qilingan murojaatlarning yetti mingtasi aynan shu muammo girdobida qolgan nuroniy otaxonlar-u mo‘tabar onalarimizdan kelgan. Ushbu raqamlarda bu qiynalsa-da, boriga shukr, deb yurganlar aks etmagan.

Keyingi yillarda pensiya sohasida talay ijobiy ishlar qilindi. Xususan, davlat rahbarining 2017 yil 2 fevralda “Pensiyalar va nafaqalar to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq barcha turdagi pensiyalar butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz naqd shaklda beriladigan bo‘ldi. Ishoning, keksalarimiz, ayniqsa qishloqlardagi ulug‘larimiz uchun o‘shanda haqiqiy bayram bo‘lgandi, ular davlat rahbarini ich-ichdan duo qilishgandi. Axir, pulingiz bo‘la turib (mayli, kartada bo‘lsa ham), unga o‘zingiz xohlagan narsani ololmasangiz, juda alam qiladi.

Pensiya sohasida navbatdagi keng ko‘lamli, tarixiy muhim qadam Prezidentimizning 2018 yil 12 dekabrdagi “Fuqarolarning pensiya ta'minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan amalga oshirildi. Unda quyidagi muhim o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan:

1. 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha toifadagi ishlovchi pensionerlarga pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadi.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida 118 mingdan ziyod ishlovchi pensionerlar mavjud, ularning faqat 40 ming nafari (34 foizi) o‘z pensiyalarini to‘liq olib kelgan, 78 ming nafardan ortiq (66 foiz) ishlovchi pensionerlar bunday imkoniyatdan mahrum bo‘lib, pensiyalarining 50 foizini olib kelishgan.

2. Fuqarolarga pensiya miqdorini belgilashda eng yuqori chegara eng kam oylik ish haqining 8 barobaridan 10 barobarigacha oshirildi.

Ilgari yuqori miqdorda oylik ish haqi oluvchi fuqarolarga pensiyani hisoblashda faqat eng kam oylik ish haqining 8 barobarigacha bo‘lgan daromadi inobatga olinib, undan yuqori qismi hisobga olinmagan.

Misol uchun, o‘rtacha oylik ish haqi – 2.2 mln so‘m va ish staji 35 yil bo‘lgan fuqaroga amaldagi tartib bo‘yicha pensiya hisoblashda 1621 ming so‘m (eng kam ish haqining 8 baravari) inobatga olingan (qolgan qismi, ya'ni 579 ming so‘m hisobga olinmagan), shundan kelib chiqib ushbu summaning 55 foizi, ya'ni pensiyaning tayanch miqdori (891 550 so‘m) belgilanib, talab etiladigan (25 yil)dan ortiqcha ishlagan 10 yilning har bir yili uchun 1 foizdan qo‘shimcha hisoblanib, pensiyaning umumiy miqdori 1 054 ming so‘mni tashkil etar edi.

Yangi tartib bo‘yicha esa, ushbu fuqaroga o‘rtacha oylik ish haqi 1 621 ming so‘m emas, 2 027 ming so‘m (EKIHning 10 baravari) miqdorida hisobga olinadi. Bunda pensiyaning tayanch miqdori 1 115 ming so‘mni, ortiqcha ishlagan yillar uchun qo‘shimchani hisobga olgan holda pensiyaning umumiy miqdori 1 317 ming so‘mni tashkil etadi yoki 263 ming so‘mga oshadi.

3. Yuqoridagi o‘zgarish nafaqat 2019 yil 1 yanvardan keyin pensiyaga chiquvchilarga, balki ushbu toifaga tushuvchi hozirgi kunda pensiya olib turgan pensionerlarga nisbatan ham tatbiq etiladi hamda ularning pensiyalari qayta hisoblab chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasida jami 3.4 mln pensionerlar mavjud. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Farmonga asosan jami 533 ming nafardan ortiqroq pensionerlarning pensiya miqdorlari o‘rtacha 65 ming so‘mdan 265 ming so‘mgacha oshgan. Shundan 72601 nafari ishlovchi pensionerlar.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu sohada ijobiy o‘zgarishlar davom etishi, xususan islohotlarning keyingi bosqichida pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori bo‘yicha cheklovlar ham butunlay bekor qilinishi ta'kidladi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalayotgan onalar uchun ham nafaqa joriy etilishini alohida ta'kidladi.

Moliyaviy jihatdan jiddiy islohotlar amalga oshirilayotgan, budjetga soliq tushumlari kamayishi taxmin qilinayotgan ushbu yilda bunday kuchli ijtimoiy siyosatni yuritish juda katta mas'uliyat va iroda talab qilishi kundek ravshan.

Bundan asosiy muddao xalq roziligi, nuroniylarimizni yanada qadrlash, ayollarni e'zozlash ekanligini, afsuski, hamma ham tushunib yetayotgani yo‘q. Ushbu ma'lumotlarni omma e'tiboriga yetkazishdan maqsad, ba'zan shunday muhim islohotlar bo‘yicha ham ijtimoiy tarmoqlarda ayrim noma'qul postlarni ko‘rayotganimizdir.

Umuman islohotlar haqida ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim muhokamalarni o‘qib ikki xulosaga kelish mumkin: birinchidan, islohotlarning haqiqiy mazmun-mohiyati haqida tegishli davlat tashkilotlari yetarli ma'lumot bera olmayapti; ikkinchidan, ayrim vatandoshlarimizga shukronalik tushunchasi begona bo‘lib borayotganday.

Amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni-mohiyatini aholiga to‘g‘ri va tezkor yetkazish davlat va xalq o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Inson o‘zgarishlarni qiyoslaganda yaxshiroq sezadi. Shu sababli islohotlar shiddati va samaralarini to‘g‘ri anglash uchun bundan hech bo‘lmasa uch-to‘rt yil avvalgi ahvolni eslab, bugungi holatimizni solishtirib ko‘rish kerak. Balki shunda shukronalik hissi xotirjamlik va halovatga erishishimiz uchun yordam berar.

Adliya vazirligi mas'ul xodimi X.Meliyev

loading...

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.