2019-yilda dunyoni nimalar kutmoqda?

2019-yilda dunyoni qanday dolzarb siyosiy voqea-hodisalar kutib turibdi? Berlin devori qulashining 30 yilligi va NATO tashkil etilganining 70 yilligi, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan ajrab chiqishi hamda AQSh qo‘shinlarining Suriyadan olib chiqib ketilishi, Yevropa parlamentiga saylovlardan tortib Ukrainadagi prezidentlik saylovi jarayoni 2019-yilning eng muhim siyosiy jarayonlariga aylanadi. Shu va boshqa voqealarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

AQSh Suriyadan chiqib ketadimi?



Foto: Reuters

Donald Tramp AQSh prezidenti bo‘lib saylangach, mamlakat qo‘shinlarining Suriyadan chiqib ketishi borasida turli fikrlar yangradi. Dastlab AQSh qo‘shinlari “60–100 kunlik davr” ichida olib chiqib ketiladi deyilgan bo‘lsa, keyinroq 30 kunlik muhlat aytildi.

Tramp yangi yil arafasidagi murojaatida qo‘shinlar Suriyadan bosqichma-bosqich olib chiqilishini ta’kidlagan bshlsa-da, New York Times nashri Tramp amerikalik harbiylarni olib chiqib ketish uchun to‘rt oy muddat bergani haqida ma’lumot tarqatdi. AQSh chindan Suriyadan chiqib ketadigan taqdirda mintaqadagi muvozanat o‘zgarishi masalasi yangi yilning kun tartibidan joy oladi.

Trampga bo‘lgan bosim yanada kuchayadi



Foto: Photo

O‘tgan yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlar natijasida Demokratlar Kongressdan ko‘proq o‘rin olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu degani Vakillar palatasi korrupsiya, qonunga zid harakatlar masalalari yuzasidan Oq Uyni ancha bosim ostiga olishi mumkin.

Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqadi, Turkiya esa…



Foto: Google Photos

29-mart sanasida Buyuk Britaniya Ittifoqdan rasmiy ravishda chiqib ketadi (agarda ingliz hukumati Lissabon shartnomasining 50-moddasidan belgilangan muhlatgacha foydalanmasa yoki yana bir referendum o‘tkazmasa). E’tirof etilishicha, Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishi Turkiyaning unga kirishi uchun jiddiy imkoniyatni keltirib chiqaradi.

Yevropa Ittifoqi va Eron munosabatlari



Foto: Reuters

2018-yilning dekabr oyi o‘rtalarida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va siyosiy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yuqori martabali vakili Federika Mogerini Eron bilan savdo-sotiq masalasi bilan shug‘ullanadigan, AQSh sanksiyalarini chetlab o‘tuvchi, maxsus mexanizm joriy etilishi borasida bayonot bergan edi. Taxmin qilishlaricha, mexanizm 2019-yil boshlaridan ishga tushadi.

Yamandagi sotsial muammo avj olishi mumkin



Foto: AFP

Eron tomonidan xusiylarning qo‘llab-quvvatlanishi va Saudiya Arabistoni, BAAning Yaman hukumatini qo‘llab-quvvatlanishi ortidan yuzaga kelgan kurash mamlakatdagi muammolarni yanada jiddiy tus oldirib yuboradi. Xalqaro inqirozlar oldini olish guruhining bayonotiga ko‘ra, hozirgi paytda Yamanda 16 million odam oziq-ovqat yetishmasligidan aziyat chekmoqda; agar taraflar muammoga ijobiy yechim topmaydigan bo‘lsa, bu miqdor yanada ortishi mumkin.

NATOning 70 yillik yubileyi



Foto: NATO

Aprel oyida Vashingtonda blokka a’zo mamlakatlar tashqi ishlarining uchrashuvi ham yilning esda qolarli voqeasiga aylishi mumkin.

Yevropadagi o‘ta muhim saylovlar



Foto: Google Photos

31-martida Rossiya bilan taranglik saqlanib qolayotgan bir vaziyatda Ukrainada prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Umumxalq saylovi arafasida, jamoatchilik so‘rovi natajalariga ko‘ra, Ukraina sobiq bosh vaziri Yuliya Timoshenko 21 foiz ovoz to‘plagan holda yetakchilik qilib bormoqda, amaldagi prezident Pyotr Poroshenkoga ovoz bermoqchi bo‘lganlar 10 foizni tashkil qilib turibdi.

23–26-may kuni 400 millionga yaqin yevropaliklar Yevroparlament saylovlarida ishtirok etadi. Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan ajrab ketishi hisobiga mintaqaviy parlamentdagi deputatlik o‘rinlari 751 tadan 705 tagacha qisqaradi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi saylovchilari orasida o‘ta o‘ng va populistik kayfiyatdagi partiyalar ovozi ko‘pchilikni tashkil etadi.

Polshada shu yili bo‘lib o‘tadigan saylov natijasi mamlakatning Yevropa Ittifoqi va uning Yevroparlamentdagi o‘rniga ta’sir etadi. Yevropa Ittifoqi bilan sovuq munosabatlarni yoqlayotgan “Huquq va adolat” milliy konservativ partiyasi hamda muxolif “Fuqarolik platformasi” partiyasining “Zamonaviy partiya” bilan ittifoqchiligi Yevroittifoqi bilan munosabatlarni belgilab olishdagi kurashiga ham jiddiy ta’sir etadi.

loading...

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.