O‘zbekistonda Germaniya universiteti filiali ochiladi − Prezident

O‘zbekistonda Germaniya universiteti filiali ochiladi − Prezident


Samarqand shahrida Germaniya universitetlaridan birining filiali ochiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida faollar ishtirokida yig‘ilish vaqtida aytib o‘tgan.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, prezident O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidovga shu masala bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

«Germaniyaga borgunimizgacha, Samarqandda qaysi universitet filialini ochish masalasini hal qilib kel. Keyingi yildan qabul boshlanishi kerak. Samarqandliklar va qo‘shni viloyatliklar shu yerga kelib o‘qiydi», degan prezident.

Bundan tashqari, Samarqand shahrida Toshkent davlat texnika universiteti filiali ham ochiladi va u yerda raqamli iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 7 yanvardagi qarori bilan Toshkentda Hindistonning Amiti universiteti filiali tashkil etilishi ma'lum qilingandi. Ushbu universitetni tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuv 2018 yil kuzida, prezidentning Hindistonga tashrifi davomida imzolangan edi.

8 yanvar kuni joriy yilgi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev xorijning yetakchi universitetlari filiallarini ochish ham o‘ziga xos investitsiya ekanini aytib o‘tgandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston prezidenti joriy yilning 20-22 yanvar kunlari Germaniya Federativ Respublikasiga tashrif buyuradi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.