Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish tizimi takomillashtiriladi

Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish tizimi takomillashtiriladi


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 14 noyabrdagi PF-5577-son Farmonini bajarish yuzasidan, qurilishda yuqori texnologik usullarni o‘zlashtirishga va soha mutaxassislarining kasb va malaka darajasini doimiy oshirib borishga yo‘naltirilgan loyihalash va qurilish sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilinishi mumkin.

Qaror loyihasiga ko‘ra, quyidagilar:

loyihalash va qurilish sohasi mutaxassislari malakasini oshirish to‘g‘risidagi nizom;

qurilish sohasidagi ishchi kasb egalarining malakasini oshirish to‘g‘risidagi nizom;

loyihalash va qurilish sohasi mutaxassislari malakasini oshirish va attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlarini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo komissiya tarkibi tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi, O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi va O‘zbekiston arxitektorlar ittifoqi bilan birgalikda:

xorijiy va mahalliy ta'lim muassasalari, loyihalash ilmiy-tadqiqot institutlari, yirik qurilish tashkilotlarining kadrlar salohiyatidan va moddiy-texnika bazasidan foydalanishni hisobga olib, loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning, shu jumladan, professor-o‘qituvchilarning xorijiy mamlakatlarda albatta amaliyot o‘tkazishini tashkil etgan holda uzluksiz, shu jumladan, masofaviy kasbga o‘qitish va malakasini oshirish, shuningdek ularning kasb va malaka darajasini takomillashtirishni ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni bajarish bilan bog‘liq xarajatlarni Davlat budjetining har yilgi parametrlarida ushbu maqsadlar uchun nazarda tutiladigan mablag‘lar, shuningdek budjetdan tashqari mablag‘lar, shu jumladan to‘lov-kontrakt asosida loyihalash va qurilish sohasi mutaxassislari malakasini oshirishdan tushadigan mablag‘lar, homiylarning mablag‘lari va xorijiy grantlar doirasida amalga oshiradilar.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi:

loyiha ilmiy-tadqiqot institutlari, yetakchi qurilish tashkilotlari va ta'lim muassasalari qoshida tashkil etilgan malaka oshirish markazlarining tayyorlov yo‘nalishlari o‘quv rejasi va dasturlarini O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 14 noyabrdagi PF-5577-son farmoni talablariga muvofiq ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;

loyihalash va qurilish sohasining mutaxassisliklar yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirish markazlarida dars berishga yuqori salohiyatga ega xorijiy va mahalliy professor-o‘qituvchilar, malakali mutaxassislar tarkibini shakllantiradi;

loyihalash va qurilish sohasi mutaxassislarini malaka oshirish yillik reja-grafigini shakllantirish va monitoringini olib borishni avtomatlashtirilgan tizimini yaratadi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish kurslarining ishlarini samarali tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni va har tomonlama yordam berilishini ta'minlaydilar.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri A.X.Tuxtayev zimmasiga yuklanadi.

loading...

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.