Ahmad Farg‘oniy asos solgan azaliy do‘stlik

O‘zbekiston va Misrni tarixiy-madaniy mushtaraklik, an’anaviy do‘stlik hamda yaqin hamkorlik birlashtirib turadi. Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan ulug‘ bobolarimizning noyob ilmiy-ma’rifiy merosi butun musulmon olamining bebaho boyligidir. Shu o‘rinda, Ahmad Farg‘oniy bobomizga bo‘lgan Misr xalqining hurmat-ehtiromi xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlikning yorqin ramziga aylangan.

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh Said Husayn Xalil as-Sisining 2018-yil 4-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra amalga oshirgan rasmiy davlat tashrifi natijasida, O‘zbekiston va Misr o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, fan, ta’lim, madaniyat, sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar imzolandi.

Misr Bosh imomi – Shayx Ahmad Muhammad Tayyib boshchiligidagi al-Azhar majmuasi vakillaridan iborat nufuzli delegatsiyaning O‘zbekiston Prezidenti qabulida bo‘lishi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishi ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

Ayni paytda, Misr tomonining taklifiga ko‘ra, O‘zbekiston va Misrdagi diniy sohaga oid markazlar o‘rtasida 2019-2023-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da ko‘zda tutilgan kelishuvlarni muhokama qilish hamda o‘zaro muvofiqlashtirib olish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Qohira shahrida bo‘lib turibdi.

Delegatsiya vakillarining ilk uchrashuvi bir ming ikki yuz yildan ziyod vaqt mobaynida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Al-Azhar” majmuasi rektori Muhammad Al-Mahrasoviy bilan “Yo‘l xaritasi”ning 2019-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan suhbat bilan boshlandi.

BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi qabul qilingani tarixiy voqeadir. Bu O‘zbekiston rahbariyatining jahonda dinlararo bag‘rikenglik, tinchlik-totuvlikni ta’minlashga qaratilgan harakatining amaliy ifodasi sanaladi.

O‘zbekiston Prezidentining ushbu tashabbusi Misr xalqining ham bosh maqsadi hisoblanadi.

Misr xalqiga O‘zbekistonni kengroq tanishtirish, yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berish maqsadida O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasida misrlik siyosatchilar, ekspertlar, olimlar va jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan Misr vakillarining xolis so‘zlari ham buni tasdiqlaydi.

– O‘zbekiston musulmon dunyosida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan muhim mamlakat hisoblanadi. Bu nafaqat aholi soni yoki unda joylashgan tabarruk ziyoratgohlar ko‘pligi, balki jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgani bilan ham bog‘liq.

Ma’lumki, Qur’oni karimdan keyingi eng ishonchli manba sanalgan “Al-Jome’ as-Sahih” to‘plami muallifi Imom Buxoriy, buyuk olim va mutafakkir Imom Termiziy kabi ko‘plab allomalar O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan. Biz, misrliklar IX asrda Misrga kelib, Nil daryosining o‘lchov qurilmasini ixtiro qilgan o‘zbek olimi Ahmad Farg‘oniyning xizmatlarini yuksak qadrlaymiz.

O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan ham o‘ziga xos taraqqiyot yo‘liga ega. Qisqa muddatda mamlakatning iqtisodiy salohiyati yuksalib, odamlarning turmush sharoitlari yaxshilanayotgani, yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlari ortayotgani Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona ichki va tashqi siyosati mahsulidir, – deydi “Al-Jumhuriya” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari As-Said Xani.

Davra suhbati va matbuot anjumani ko‘rinishida o‘tkazilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan ichki va tashqi siyosat, barcha sohalarda kuzatilayotgan keng ko‘lamli yangilanish va o‘zgarishlar, turli yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida misrlik publitsist, yozuvchi Muhammad Saloma shunday dedi:

– Mamlakatdagi islohotlar aholi turmushining hamma jabhasini, jumladan, siyosiy, ijtimoiy, madaniy, sud-huquq, ta’lim va diniy sohani birdek qamrab olayotgani o‘ta muhimdir.

Nazarimda, O‘zbekistonning eng katta yutug‘i ochiq tashqi siyosat yuritib, xalqaro maydonda faol harakat qilayotganidir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xorijiy davlatlarga ko‘plab rasmiy tashriflari, ayniqsa, BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan global ahamiyatga ega takliflari O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘yi tobora oshib borayotganini anglatadi.

Misr jamiyatida o‘z obro‘-e’tiboriga, eng muhimi qat’iy nuqtai-nazariga ega bo‘lgan kishilar tomonidan bunday bayonotlar ko‘plab yangramoqda.

– Meni O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar juda qiziqtiradi. “O‘zbekiston: Islom tamadduni manbalari” nomli kitob yozdim. Maqsad – arab kitobxonini O‘zbekiston bilan yaqindan tanishtirish. Kitob ikki qismdan iborat. Birinchi qism O‘zbekistonning islom madaniyati rivojiga qo‘shgan tarixiy hissasini yoritishga bag‘ishlangan. Ikkinchisida O‘zbekistondan yetishib chiqqan turli soha olimlarining hayoti va ilmiy faoliyati yoritib berilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning mintaqaviy muammolarni hal qilishdagi roli tobora ortib bormoqda. Yaqinda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov Shanxay hamkorlik tashkilotidek nufuzli tuzilmaning Bosh kotibi vazifasiga kirishdi. Bu ham O‘zbekistonning mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda naqadar muhim o‘ringa ega ekanini ko‘rsatib turibdi.

Misr – O‘zbekiston hamkorligi, ayniqsa ta’lim borasida erishilgan kelishuvlar har ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga va mamlakatlarimizning rivojlanish jarayoniga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shishiga shubha yo‘q.

Tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi J.Najmiddinov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, professor Sh.Yovqochev bo‘lgan delegatsiyaning ishchi tashrifi bugun, 11-yanvarda o‘z nihoyasiga yetadi.

Abduhamid Muxtorov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
matbuot kotibi

loading...

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.