Prezident farmoni: «Xufiyona iqtisodiyot» qisqartiriladi

Prezident farmoni: «Xufiyona iqtisodiyot» qisqartiriladi


Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy siyosat samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

“Huquqiy axborot” kanaliga ko‘ra, farmon bilan Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 2019 – 2021 yillarda O‘zbekistonda tarkibiy islohotlar asosiy yo‘nalishlarining “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

“Yo‘l xaritasi” doirasida “Xufiyona iqtisodiyot”ni qisqartirish bo‘yicha Dastur hamda yangi tahrirdagi “Mulk to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqiladi.

“Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish bo‘yicha bosh vazir boshchiligidagi Iqtisodiy kengash hamda Xalqaro ekspertlar guruhi tashkil etildi.

Iqtisodiy kengash tomonidan quyidagi loyihalar ishlab chiqiladi hamda prezident Administratsiyasiga kiritiladi:

Strategiyalar:

• davlat ulushiga ega bo‘lgan korxonalarni isloh qilish bo‘yicha – 2019 yil 1 iyungacha;
• milliy raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish (Raqamli O‘zbekiston – 2030) bo‘yicha – 2019 yil 1 dekabrgacha;
• ta'limni rivojlantirish bo‘yicha – 2020 yil 1 martgacha;
• suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish bo‘yicha – 2020 yil 1 sentyabrgacha.

Konsepsiyalar:

• O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha – 2019 yil 1 aprelgacha;
• qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha – 2019 yil 1 oktyabrgacha;
• monetar siyosatni kuchaytirish va narxlar barqarorligini ta'minlash bo‘yicha – 2019 yil 1 oktyabrgacha;
• davlat pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha – 2020 yil 1 yanvargacha;
• moliyaviy sektorni yanada rivojlantirish bo‘yicha – 2020 yil 1 iyungacha.

“Yo‘l xaritalari”:

• investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha – 2019 yil 1 aprelgacha;
• yerdan foydalanishda moslashuvchanlik va shaffoflikni oshirish bo‘yicha – 2019 yil 1 noyabrgacha;
• atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha – 2020 yil 1 sentyabrgacha.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “yashirin iqtisodiyot”ni qanday qilib kamaytirish rejalashtirilgani ma'lum bo‘lgandi.

loading...

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.