Los-Anjelesda “Oltin globus” mukofoti sovrindorlari taqdirlandi

Los-Anjelesda 7-yanvarga o‘tar kechasi “Oltin globus” mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “RBK”.



Foto: Reuters

Brayan Singerning “Bogema rapsodiyasi” kartinasi o‘tgan yilning eng yaxshi dramatik filmi deya e’tirof etildi. Ushbu film Queen guruhi va uning vokalisti Freddi Merkyuri haqida hikoya qiladi.

Ushbu filmda Freddi obrazini yaratgan aktyor Rami Malek 2018-yilning eng yaxshi dramatik aktyori bo‘ldi.

Eng yaxshi dramatik aktrisa nominatsiyasidagi “Oltin globus”ni “Rafiqa” filmida rol ijro etgan aktrisa Glenn Klouz qo‘lga kiritdi.

Piter Farellining “Yashil kitob” kartinasi “Yilning eng yaxshi komediyasi” nominatsiyasida “Oltin globus”ni qo‘lga kiritdi.

Amerikalik rejissor Alfonso Kuaronning “Rim” filmi “Chet tilidagi eng yaxshi film” nominatsiyasida “Oltin globus” ga loyiq deb topildi. 2018-yilning eng yaxshi animatsion filmi nomiga “O‘rgimchak-odam: Koinotlar uzra” multfilmi sazovor bo‘ldi.

Amerikalik Maxershala Ali “Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida “Oltin globus”ni qo‘lga kiritdi.

“Bil-strit gapira olganida” filmida rol ijro etgan Redjina King ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa nomiga sazovor bo‘ldi.

Ledi Gaga “Yulduz tug‘ildi” filmi uchun yaratilgan Shallow qo‘shig‘i uchun “Oltin globus” oldi. Xonanda shuningdek, ushbu filmdagi roli uchun “Eng yaxshi aktrisa” nomiga da’vogarlik qilgandi, biroq ushbu nominatsiyada mukofotsiz qoldi.

“Oltin globus” mukofoti 76-marta topshirildi. Uni “Oskar” mukofotining repititsiyasi deb ham atashadi.

loading...

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.