Quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Farg‘onalik tadbirkor korxonasini yopishga majbur bo‘ldi

Quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Farg‘onalik tadbirkor korxonasini yopishga majbur bo‘ldi


Mamlakatimiz aholisining asosiy qismi qishloq joylarda yashaydi. Turli sohalarda muammolar eng ko‘p uchraydigan hudud ham qishloqlardir.

Mavzuga qaytib

Qishloq aholisi yaxshi sharoitlarda yashashi uchun eng maqbul yo‘l, joylarda ishlab chiqarish korxonalarini ko‘paytirishdir.

Shuning uchun bu borada hukumatning juda ko‘p qarorlari qabul qilinayotgani ham bejiz emas. Qishloqqa sanoatni olib kirish jamiyatimizdagi eng og‘ir kamchiliklardan bo‘lgan - ishsizlikka barham beradi. Shu bilan birgalikda, aholi farovonligi oshadi, bozorlarimizga chet eldan kirib kelayotgan tovarlar o‘rnini o‘zimizning mahsulotlar egallaydi. Iqtisodiyot rivojlanadi.

Ammo, biroq, lekin... Qishloqda ishbilarmonlik qilishdan og‘irroq ish yo‘q. Sababi esa ko‘pchilikka ayon. Elektr va gazsiz korxona yuritib bo‘ladimi?

2018 yil 1 dekabr kuni Kun.uz saytida «Farg‘onalik tadbirkorning mehnatlari elektr tanqisligi oqibatida puchga chiqmoqda(mi?)» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.


Maqolada Farg‘ona tumani, Xonqiz qishlog‘i, Soybo‘yi mahallasi guzarida tadbirkor Timurbek Abdumajidov bo‘sh turgan binoda qishloq ahli uchun eng zarur bo‘lgan - non mahsulotlari ishlab chiqarish, tikuvchilik sexi, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash uchun sovutkichli kamera va turli maishiy xizmat shoxobchalarini yuritishga bel bog‘lab, mahallada istiqomat qiluvchi 17 kishini doimiy ish bilan ta'minlagani haqida yozilgandi. Shuningdek, tadbirkorning eng katta muammmosi elektr ta'minotidagi uzilishlar ekani tanqid ostiga olingandi. Axir, elektrsiz korxona yuradimi?



Maqoladan so‘ng Timurbek Abdumajidov tahririyat bilan bog‘lanib, viloyat va tuman hududiy elektr tarmoqlari mutasaddilari kelib, tadbirkor bilan elektr ta'minotini jadval asosida barqaror ta'minlash bo‘yicha dalolatnoma tuzilganini aytgandi.



Lekin tadbirkor va qishloq ahlining quvonchi uzoqqa cho‘zilmagan.

«Muxbir aka, umidlar puchga chiqdi. Korxonani yopyapmiz» 


E'tiboringizni bor mablag‘ini qishloqda ishlab chiqarishni yurgizib, mahalladoshlarini ish bilan ta'minlashga bel bog‘lagan tadbirkordan kelgan maktubga qaratamiz.

 «Assalomu alaykum, Kun.uz ijodkorlari. Bir oy oldin saytingizda korxonamizdagi ahvol bo‘yicha maqola chiqqandi. Shundan so‘ng, tuman hamda viloyat elektr tarmoqlari vakillari bilan o‘zaro kelishilgan grafikka asosan o‘chirish bo‘yicha dalolatnoma tuzildi. Uch hafta elektr ta'minotidan muammosiz yashadik. Tabiiy gaz ne'matidan mahrum qishloq aholisini uzluksiz elektr ta'minoti judayam baxtiyor qilgandi. Biroq, ayni kunlarda elektr ta'minoti yana eski holiga qaytdi. Kunduzi 3-4 soat elektr berilyapti. Qishloqda tadbirkorlik qilish uchun bor bisotimni investitsiya qilayotganimda, tajribali kishilar qishloqqa pul tikmaslikni, tadbirkorlik bilan shaharda shug‘ullanish lozimligini maslahat berishgandi. Men esa qishlog‘im farovonligiga o‘z hissamni qo‘shish, o‘z hamqishloqlarimni ish bilan ta'minlashni niyat qilgandim.

Afsuski, hamma narsa men orzu qilgandek bo‘lmas ekan.

Muhtaram prezidentimiz, qishloq hayotini yaxshilash, qishloq joylarda ishlab chiqarish va xizmatlar sohasini rivojlantirish, qishloq aholisining ish bilan bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratib turgan bir vaqtda mutasaddi rahbarlar qishloq joylarda kommunal sohani rivojlantirish, tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratish haqida bosh qotirishni istamayotgandek, go‘yo.

Qishloqda bir necha tadbirkor bor. Hammaning xayolida bitta savol: «Muammolar qachon yechim topadi?». Na gaz bor, na elektr energiyasi. Aholi va tadbirkorlar uchun ham aqalli bittasini yetkazib berish kerakku?!

«O‘ztransgaz» hamda «O‘zbekenergo» mutasaddilari murojaatlar izidan joylarga chiqib, haqiqiy holat bilan yaqindan tanishishlarini, qorong‘u va sovuq uyda yashayotgan odamlarning holatini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlarini, aholi dardini o‘zlarida his qilishlarini istardik.

Axir biz elektr va gazni tekinga berishni so‘ramayapmizku? «Bizga ham elektr energiyasi va gaz sotinglar», deb yolvoryapmiz xolos. His-hayajon bilan «O‘ztransgaz» hamda «O‘zbekenergo» faoliyatdan shikoyat qilar ekanmiz, bu resurslarni kimga qanchaga sotish kerakligini belgilab beradigan boshqa vazirliklar mojaroni chetdan tomosha qilishadi.

Ayrim vazirliklar «O‘ztransgaz»ning byudjyetga to‘layotgan solig‘iga mahliyo bo‘lmasdan limit belgilashda ichki iste'molchilar talabini ham hisobga olishini so‘rardik. Modomiki, ichki elektr energiyasi bilan o‘z ehtiyojlarimizni qondirolmayotgan ekanmiz, import qilish choralarani ko‘rish kerak emasmi?

Axir, bu kabi salbiy holatlar millionlab kishilarning qiyinchilikda kun ko‘rishiga, minglab tadbirkorlarning faoliyatiga va bu orqali necha yuz minglab aholi bandligini ta'minlashga to‘siq bo‘lyaptiku?

Prezidentimiz o‘z vazifasiga kirishgan kundan boshlab qancha-qancha islohotlarga qo‘l urdi va bu harakatlarning barchasi xalqni rozi qilishga qaratilganini bot-bot takrorladi.

Hurmatli mutasaddilar, sizlardan oddiy O‘zbekiston fuqarosi sifatida o‘z vazifangizga sidqidildan yondashib, xalq manfaatlarini o‘ylab harakat qilishingizni so‘rayman. O‘zbekiston xalqining taqdiriga bevosita daxldorligingizni, ularning baxtiyor yashashi ham yoki buning aksi bo‘lishi ham sizning qo‘lingizdaligini his qilib turishingizni xohlaymiz.

Mana bugun sharoit yo‘qligi uchun barcha faoliyatlarimni to‘xtatishga majbur bo‘lyapman. Axir, o‘zim hovlimdan gaz qazib ololmayman yoki elektr ishlab chiqarolmayman.

Balki, qachondir bu ishga mas'ul tashkilotlarning ham bizning qishloqqa qadami yetib, muammolarimiz o‘z yechimini topsa, yana qayta urinib ko‘raman. Ungacha, esa barchadan 17 fuqaroni ishsiz qoldirayotganim uchun uzr so‘rayman».

«Qo‘lni yuvib, qo‘ltikka artdim. Ishchilarga javob berib yubordik»

6 yanvar kuni tadbirkor bilan yana gaplashdik.

«Aka, maktubimni chiqarmasangiz ham mayli. Tadbirkorlikdan ko‘nglim sovib ketdi. Yangi yil bayrami kunlari tok uch-to‘rt kun yondi. 2 yanvardan yana o‘sha eski holat. Kunduz kunlari uch-to‘rt soat elektr berilyapti. Korxona ishini to‘xtatdik. Ishchilarga javob berib, xayrlashdim. Bor-budimni sarflab, yugurib yo‘lga qo‘ygan ishlab chiqarishim ziyonlar bilan yakuniga yetdi. Mijozlarim ham ko‘payib qolgandi», deydi Timurbek.

Shu tariqa, Farg‘ona viloyat va tuman elektr tarmoqlari va gaz idoralari mutasaddilari o‘z ishiga mas'uliyatsizlik bilan qaragani oqibatida bir tadbirkorning ishi «sindi». 17 kishi ishsiz qoldi. 17 oila qora qozonini qaynatayotgan korxona faoliyati to‘xtadi.




Tadbirkorning maktubi orqali bugungi kunda prezidentimiz tomonidan qo‘yilayotgan talablarga mahalliy hokimiyat vakillari qay darajada mas'uliyat bilan yondashayotganidan boxabar bo‘ldik.

Ahvol shunda davom etaversa - «Farg‘ona qishloqlarida qachon tong otadi?»

Elmurod Ermatov,

Kun.uz muxbiri

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.