O‘zbekistonning tashqi siyosati: Prezidentning xorij safarlaridan tortib, vatandoshlar bilan hamkorlikkacha

O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari — mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratish, iqtisodiyotni isloh qilish va modernizatsiyalash, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, xavfsizlik, tinchlik va jamiyatda hamjihatlikni ta’minlashga muvofiq faoliyat 2018-yilda qanday olib borildi? Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati shu haqda ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Prezidentining xalqaro uchrashuvlari

Davlat rahbarlari darajasida 21 ta tashrif, shu jumladan Shavkat Mirziyoyevning xorijiy mamlakatlarga 13 ta tashrifi amalga oshirildi. O‘zbekistonga 8 ta davlat rahbarlari (Afg‘oniston, Belarus, Misr, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya va Turkmaniston) tashrif buyurishdi. 30 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilib, 180 ta ikki tomonlama shartnoma va bitimlar imzolandi.

Davlat rahbarining xalqaro tashabbuslarini amalga oshirish

O‘zbekiston rahbari tomonidan BMT, MDH, ShHT, IHT va boshqa nufuzli forumlar doirasida ilgari surilgan 10 ta muhim xalqaro tashabbus to‘liq amalga oshirildi.

BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» (22 iyun) va «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» (12 dekabr) nomli rezolyusiyalari qabul qilindi. Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi Maslahatlashuv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi (Ostona shahri, 15 mart, keyingisi 2019 yil aprelda Toshkent shahrida o‘tkaziladi). Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasining o‘tkazilishi va O‘zbekiston davlat rahbari ilgari surgan Afg‘oniston mojarosini hal etish va uni mintaqaviy iqtisodiy loyihalarga jalb qilish bo‘yicha takliflari keng miqyosda xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Yaqin qo‘shnilarga nisbatan ochiq va konstruktiv siyosat olib borish

Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi – yaqin qo‘shnilarga nisbatan ochiq va konstruktiv siyosat olib borish, Markaziy Osiyodagi muammolarni tenglik, o‘zaro manfaatlarni hurmat qilish va oqilona kelishuv asosida hal etishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi.

Mintaqaning barcha davlatlari bilan oliy darajadagi tashriflar almashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga (9-10-mart) va Tojikiston Prezidentining O‘zbekistonga (17-18-avgust) davlat tashriflari yakuniga ko‘ra strategik ahamiyatga ega hujjatlar imzolandi: Do‘stlik va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot va O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek boshqa ikki tomonlama kelishuvlar to‘plami.

Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi (23-24-aprel) chog‘ida 2017-yilda imzolangan Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sherikchilik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar qabul qilindi hamda Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlariga yuk tashish hajmini ko‘paytirish uchun ikki mamlakat tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanishga kelishib olindi.

Umuman olganda, bugun kunda Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegara punktlaridan o‘tish va chegara oldi hududlarda savdoni rivojlantirish kabi juda murakkab masalalarga yechim topish uchun mutlaqo yangi, konstruktiv siyosiy muhit va qulay sharoitlar yaratildi.

O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan Davlat chegarasida 64 ta o‘tish punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Chegara bilan bog‘liq muammolarning hal qilinishi natijasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalari sezilarli darajada faollashdi. Ular bilan savdo aylanmasi o‘sishi 9 oy davomida o‘rtacha 50 foizdan ko‘proqni tashkil qildi.

Xorijiy mamlakatlar bilan barqaror, ishonchli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish

Rossiya, AQSh, Xitoy, Fransiya va YIning boshqa davlatlari, Turkiya, Belarus, Misr, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Yaqin Sharqning asosiy davlatlari bilan strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarildi.

Shuningdek, hukumat, vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari darajasida 360 ta tashrif bo‘lib o‘tdi. Hukumatlararo qo‘shma komissiyalarining 17 ta yig‘ilishi, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 25 ta va xavfsizlik masalalari bo‘yicha 34 ta maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

Iqtisodiy diplomatiya

Bir qator xorijdagi muassasalarning shtatlar jadvaliga tashqi iqtisodiy masalalar bo‘yicha 14 ta yangi lavozim kiritildi.

2018-yilning 11 oyi davomida mahalliy tovarlar va xizmatlar eksporti 11,3 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2018 yilda 2,7 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etildi.

2018-yilning 11 oyi davomida O‘zbekistonga 4 millionga yaqin xorijiy fuqaro tashrif buyurdi (2017 yilga nisbatan 107 foizga ko‘p).

O‘zbekistonning xorijdagi har bir diplomatik va konsullik muassasalari mamlakatimizning muayyan hududlarga biriktirilgan.

2018-yil fevralidan boshlab diplomatik missiyalar rahbarlari biriktirilgan hududlarga muntazam ravishda tashrif buyurmoqdalar. Uchrashuvlar natijasida viloyat hokimliklari bilan hamkorlik bo‘yicha «Yo‘l xaritalari» qabul qilindi.

Mintaqalararo hamkorlik doirasida 171 ta tadbir tashkil qilindi.

Mahalliy hokimiyat organlariga xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilishda yordam berish maqsadida Tashqi ishlar vazirligining hududiy bo‘linmalari tashkil etilmoqda. Hozirda Buxoro, Urganch, Samarqand, Nukus va Termiz shaharlarida vazirlik bo‘linmalari faoliyat olib bormoqda.

Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash

Noyabr oyida O‘zbekiston Xalqaro migratsiya tashkilotining to‘laqonli a’zosiga aylandi, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan muvaffaqiyatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. 23-24-noyabr kunlari Samarqandda Inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi deyarli barcha nufuzli xalqaro tashkilotlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha birinchi Osiyo forumi xalqaro maydonda katta ijobiy qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston nomzodini BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga olg‘a surish to‘g‘risidagi qaror xalqaro hamkorlar, jumladan MDH, Yevropa Ittifoqi davlatlari va boshqalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

TIVning salohiyatini va muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish

2018-yilning 11-yanvarida davlat rahbari raisligida O‘zbekiston diplomatik xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

TIV va diplomatik vakolatxonalar faoliyati tanqidiy tahlil qilindi hamda aniq vazifalar belgilab berildi. Iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirishga asosiy urg‘u berildi: mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni, yangi texnologiyalarni va investitsion dasturlarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, chet ellik turistlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish.

5 aprelda Prezident tomonidan «Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» farmon va «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora tadbirlari to‘g‘risidagi» qaror qabul qilinib, ularda TIV va uning chet ellardagi vakolatxonalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari aniqlab berildi, Vazirlikning yangi tuzilmasi tasdiqlandi.

Vazirlik tarkibida Tashqi iqtisodiy hamkorlik bosh boshqarmasi (to‘rtta boshqarmadan iborat), Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar bo‘limi, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi tashkil etildi. «Jahon» AA negizida «Dunyo» axborot agentligi va Media markazi tashkil etilmoqda.

Tashqi siyosiy faoliyatni yanada faollashtirish maqsadida xorijiy mamlakatlarda yangi diplomatik vakolatxonalar ochildi va mavjudlari kengaytirildi.

Vatandoshlar bilan hamkorlik

Sankt-Peterburg, Olma-Ota, Yekaterinburg, Qozon va Vladivostok shaharlarida bosh konsulxonalar ochildi. Rostov-Don (Rossiya), Oqtov (Qozog‘iston), Guanchjou (Xitoy) va O‘sh (Qirg‘iziston) shaharlarida Bosh konsulxonalar ochilishi rejalashtirilmoqda. O‘zbekistonning chet ellardagi fuqarolariga, jumladan xorijiy mamlakatlarda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxslarlarga huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston konsullik muassasalari faoliyati kuchaytirildi.

19 oktyabrda Mehnat sharoitlari va uni muhofaza qilish, Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ijtimoiy-mehnat sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytiruvchi O‘zbekiston-Rossiya memorandumi imzolandi.

25 oktyabrda davlat rahbarining qarori bilan tasdiqlangan «Xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosati konsepsiyasi» va 2018-2021-yillarga mo‘ljallangan tegishli «Yo‘l xaritasi» loyihalari ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Chet elda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan interaktiv muloqot mexanizmi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. 160 dan ortiq tadbirlar – videokonferensiyalar, brifinglar, prezentatsiyalar va vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

9 oy davomida xorijdagi konsullik muassasalar tomonidan 282 470 ta konsullik harakatlari amalga oshirildi, jumladan 26 673 ta O‘zbekistonga qaytish guvohnomalari rasmiylashtirildi va chet el fuqarolariga 203 643 ta viza berildi.

loading...

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.