Prezident qarori: O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari uyushmasi tashkil etiladi

Prezident qarori: O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari uyushmasi tashkil etiladi


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Elektrotexnika sanoatining eksport salohiyatini yanada rivojlantirish va oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qarorda qayd etilishicha, 2017 yilda elektrotexnika sanoatiga kiritilgan investitsiyalarning salmog‘i respublika bo‘yicha umumiy investitsiyalarning atigi 0,8 foizini, YaIM tarkibida elektrotexnika mahsuloti ishlab chiqarish hajmi esa 1,5 foizni tashkil etdi.

Sanoatda xomashyo bazasining chegaralanganligi xorijiy analoglari bilan solishtirganda uning tannarxi oshishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlarning importida qo‘shilgan qiymat solig‘i muddatini kechiktirishga imkon yaratish va hisobga olish mexanizmining mavjud emasligi eksport qiluvchi tashkilotlarning aylanma mablag‘lari boshqa maqsadlarga jalb qilinishiga va xarajatlarning oshishiga olib kelmoqda.

Hujjat bilan elektrotexnika sanoati korxonalari, “O‘zeltexsanoat” AK aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:

“O‘zeltexsanoat” AK negizida uning mol-mulki va davlatga tegishli boshqa vositalarni, shuningdek, debitor va kreditor qarzdorligini (“O‘zeltexsanoat” AKga tegishli xo‘jalik jamiyatlarining ko‘chmas mulki va ustav kapitalidagi aksiyalar paketi (ulushi) bundan mustasno) o‘tkazgan holda O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari uyushmasini tashkil etish;

“O‘zeltexsanoat” AKga tegishli xo‘jalik jamiyatlarining ko‘chmas mulki va ustav kapitalidagi aksiyalar paketi (ulushi)ni O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Quyidagilar:

ixtiyoriy asosda a'zo bo‘lgan elektrotexnika sanoati korxonalari va tashkilotlari “O‘zeltexsanoat” uyushmasi a'zolari hisoblanishi;

ijro apparatining tuzilmasini tasdiqlash “O‘zeltexsanoat” uyushmasi ta'sischilarining umumiy yig‘ilishi qarori bilan amalga oshirilishi;

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi va uning o‘rinbosarlari ta'sischilarning umumiy yig‘ilishi qarori bilan saylanishi;

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi faoliyatini joriy ta'minlash va moliyalashtirish “O‘zeltexsanoat” uyushmasi a'zolarining badal va ajratmalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi ma'lum qilindi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.