O‘zbekistonlik sportchilar Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarining 1-kunida 11 ta medalga ega chiqdi

Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari musobaqaning 1-kunida 11 ta medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar beradi Jismoniy Tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.



Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

O‘yinlarning alish kurashi (Qirg‘iziston kurashi) turi bo‘yicha bahslarda 30ta davlatidan tashrif buyurgan 140 nafar sportchi ishtirok etdi. Erkaklar o‘rtasida Mardonbek Kimsanov (-60 kg), Husniddin Ro‘ziyev (-70 kg) oltin, Kamollidin Mahkamov (-80 kg), Zaylobiddin Artikov (-90 kg) va Obidali Mavlonov (-100 kg) musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda Maftuna Mahmudova (-60 kg), Dilafruz Mamajonova (-70 kg), Bekzoda Xudaberdiyeva (-75 kg) bronza medalga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekistonlik sportchilar armrestling bahslarida 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritishgani haqida avvalroq xabar berilgandi.

Bugun, 4-sentabr sanasida O‘zbekiston vakillari qozoq kurashi, pahlavani (Eron kurashi), goresh (Turkmaniston kurashi), Lochin ovi va Tayganlar yugurishi turlari bo‘yicha bahslarga kirishadi.

Eslatib o‘tamiz,  2-sentabrdan 8-sentabrga qadar davom etadigan mazkur musobaqada dunyoning 66 davlatidan tashrif buyurgan 1556 nafar sportchi medallar uchun bahs olib bormoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi 13 ta sport turi bo‘yicha 58 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.

Manba: Daryo.uz

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.