Adliya vaziri: «Korrupsiyaning avj olishi natijasida odamlarning qonunga ishonchi so‘nib bordi»

Adliya vaziri: «Korrupsiyaning avj olishi natijasida odamlarning qonunga ishonchi so‘nib bordi»


Adliya vaziri Ruslanbek Davletov aholining huquqiy savodxonligi qoniqarsizligini bildirdi. Vazir bunga sababchi bo‘lgan omillar qatorida «15-20 yil ichida qonunchilikni qo‘llash amaliyotidan kelib chiqib, har xil organlarga odamlar borib, sansalorlikka uchrashi, ayniqsa korrupsiyaning avj olgani»ni keltirib o‘tdi. Oqibatda, kishilarda qonunga bo‘lgan ishonchi so‘nib borgan.


«Fuqarolarga juda katta bilimni «boshiga quyish» mumkin. Qonunlarni, undagi normalarni uqtirib chiqish mumkin. Lekin ertaga u real hayotida, ko‘chaga chiqqanda boshqa narsani ko‘rsa, u qonunga ishonmaydi. Shuning uchun, bu masalalar parallel davom etishi kerak», - deydi vazir.

Davletovga ko‘ra, xalqni qonunga itoatkor tarbiyalashda mana shunday omillarga e'tibor qaratish talab etiladi.

«Targ‘ibotni ham manzilli tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. Bu degani, fuqarolarga kerakli ma'lumotni beraylik, manzilli bo‘lsin, uning hayotida nima qiynayapti, ertaga u farzandini bog‘chaga beradi, maktabga beradi. Shunday munosabatlarda o‘zini qanday tutishi kerak, shunga qarab, biz hayotiy muammolardan kelib chiqib, targ‘ibot qilyapmiz», - deydi Adliya vaziri.

Vazirga ko‘ra, huquqiy ongda oqsayotgan sohalardan biri - ijtimoiy soha. Bu yo‘nalishda odamlar o‘zining huquqlarini bilmaganligi oqibatida, oddiy pensiyaga chiqishda ham muammolarga duch keladi.

Ma'lumot uchun, Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida 131 mingdan ortiq kuzatuvchilar bo‘lib, unda O‘zbekistondagi huquqiy yangiliklar haqida tezkor axborotlar muntazam berib boriladi. Shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida muhokama maydoni tashkil etilgan bo‘lib, mutasaddilar murojaatchini qiziqtirgan savollarga javob beradi.

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.