Rektor: Ish beruvchi ta'lim jarayonida faol emas, uning ijtimoiy mas'uliyatini oshirish kerak

Rektor: Ish beruvchi ta'lim jarayonida faol emas, uning ijtimoiy mas'uliyatini oshirish kerak


Oliy ta'lim muassasalari faoliyatini liberallashtirishda jahondagi oliy o‘quv yurtlarning tajribasini o‘rganish mumkin. Lekin, O‘zbekistonda ta'lim olishga ishtiyoqmand yoshlarning soni hali ko‘pligi hamda ularning ijtimoiy imkoniyatlari, to‘lov qobiliyatini inobatga olgan holda oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt miqdorini erkin belgilashga biroz shoshilmagan ma'qul, deb hisoblaydi Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Shuhrat Mutalov.


«Prezident tomonidan oshirilgan to‘lov-kontrakt qiymatlarini to‘lash orqali yoshlarga qabul qilinish imkoniyati berilgani oliy ta'lim muassasalarida bu [faoliyatning liberallashuvi] imkoniyat paydo bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib berdi», - deydi rektor Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Rektorning ta'kidlashicha, institutda ham faoliyatni yanada erkinlashtirish mexanizmlari rejalashtirilmoqda, tahlildan o‘tmoqda.

«Ma'lumki, texnika va texnologiya yo‘nalishidagi oliy o‘quv muassasalarida o‘quv jarayonining asosiy shartlaridan biri - o‘quv-ilmiy laboratoriyalar. Bu boshqa ijtimoiy-gumanitar ta'lim yo‘nalishlariga qaraganda o‘quv jarayonini tashkil etish bir qator moliyaviy xarajatlarni talab etadi. Lekin shu borada xalqaro tajribani o‘rganib, bir narsani kuzatyapmizki, asosiy ish beruvchilarning OTM moddiy-texnik bazasini yaxshilash, kadrlar sifatini oshirishga qaratilgan jarayonlardagi ishtiroki talab darajasida, deb bo‘lmaydi.

Mehnat bozorida asosiy talabni ish beruvchi qo‘yadi, unga bitiruvchining bilim va ko‘nikmasi to‘g‘ri kelsa, ishga oladi. Shu sababli, kadrlarni tayyorlash jarayonida ham ozgina ularning e'tibori, turli stipendiyalarni joriy etishi kerak. Moddiy-texnik bazasiga yangi uskunalarni olib kirish, laboratoriyalarni tashkil etish yoki imkoniyati yetishmayotgan talabalarning to‘lov-kontraktini to‘lab, kadrlarni maqsadli tayyorlash borasida ish beruvchining ijtimoiy mas'uliyatini belgilab beradigan tartibni belgilash payti keldi», - deb qo‘shimcha qiladi u.

Mutalovning aytishicha, bugungi kunda institut o‘quv rejalari, fan va dasturlarni o‘qitish, amaliyotni o‘tash masalalarida tarmoq vakillari bilan hamkorlikda ish olib boradi. Ayrim paytda ish beruvchi bitiruvchilarning huquqiy bilimlari yetishmayotganini ta'kidlaydi, shartnomalar tuzish, oldi-sotdi, rejalashtirish ishlarida ko‘nikmasi yo‘qligini aytadi.

Ma'lumot uchun, Toshkent kimyo-texnologiya instituti 1991 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan tashkil topgan. 1994 yildan buyon institut kimyo-texnologiya ixtisosliklari bo‘yicha respublikada tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.