Fransiyada davlat to‘ntaruvi amalga oshirilishidan xavotirlana boshlashdi 

Fransiyada davlat to‘ntaruvi amalga oshirilishidan xavotirlana boshlashdi 


Yelisey saroyi va Fransiya hukumatida namoyishchilar qo‘llariga qurol olib, davlat to‘ntaruvini amalga oshirishlari mumkinligi borasida xavotir oshmoqda. Bu haqda BFM TV telekanali xabar berdi.

Fransiya hukumatining xavotirlari “sariq jiletlar”ning 8 dekabrga belgilangan norozilik aksiyasi bilan bog‘langan. Namoyishchilar Yelisey saroyigacha borishga va'da berishgan.

“Sariq jiletlar” harakati vakillaridan biri Erik Druening aytishicha, aksiyadan maqsad Yelisey saroyigacha borishdan iborat. “Biz barchamiz Yelisey saroyiga bormoqchimiz”, deb aytgan Drue.

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron ma'muriyatida ham namoyishchilar kuch qo‘llab, davlat to‘ntaruvi amalga oshirishlari mumkinligidan xavotir yashirilmayapti.

“Bular fitnachilar. Biz davlat to‘ntaruviga urinishni ko‘rmoqdamiz”, deb aytgan Yelisey saroyi vakili.

Ma'lum qilinishicha, maxsus xizmatlar Makron ma'muriyatini “namoyishchilarning parlamentchilar, hukumat, ijroiya hokimiyati va huquq-tartibot xodimlariga zarba berish uchun o‘ldirish va qo‘llarga qurol olishga chaqirayotganlaridan” ogohlantirgan.

Mahalliy OAVda prezident va bosh vazir o‘rtasida jiddiy ziddiyatlar yuzaga kelgani taxmini bildirilmoqda. Bunday taxminlar Makron 2019 yilga rejalashtirilgan yonilg‘iga soliqlar oshirilishini bekor qilgandan keyin bildirila boshlangan, vaholanki bosh vazir soliqlar oshirilishiga yarim yillik moratoriy kiritilishini e'lon qilgandi.

Biroq bosh vazir qarorgohida mamlakat rahbariyati bilan ziddiyatlar yo‘qligi ta'kidlangan. “Biz Yelisey saroyi bilan yaqindan ishlamoqdamiz”, deyilgan bosh vazir qarorgohida.

“Sariq jiletlar” hukumatning avtomobil yonilg‘ilariga narxlar oshirilishi qaroriga qarshi bir necha haftadan beri norozilik bildirmoqda. Biroq aksariyat kuzatuvchilarning ta'kidlashicha, katta ko‘lamli noroziliklar aholining hukumat ishidan noroziligini ko‘rsatadi.

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.