Shavkat Mirziyoyevning maxsus vakili Buyuk Britaniya Bosh vazirining maxsus vakili bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyevning maxsus vakili Buyuk Britaniya Bosh vazirining maxsus vakili bilan uchrashdi


2018 yil 6 dekabr kuni London shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Buyuk Britaniya Bosh vazirining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha Maxsus vakili Garet Beyli ishtirokida O‘zbekiston – Britaniya maslahatlashuvlari o‘tkazildi. Unda Afg‘oniston va unga tutash mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi, afg‘onlararo muzokaralar jarayonini boshlash yuzasidan amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar borasida fikr almashildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, suhbat davomida 2018 yil 27 martda «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha nufuzli xalqaro konferensiyada qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasini amalga oshirish doirasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlariga alohida e'tibor qaratilgan.

Britaniya tomoni O‘zbekistonning «Tolibon» harakati hamda barcha Afg‘onistondagi siyosiy kuchlar ishtirokidagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashish bo‘yicha izchil sa'y-harakatlari dunyo hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini qayd etgan. Shuningdek, Afg‘onistonda qo‘shma ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni, jumladan infrastruktura, madaniy-gumanitar hamda ta'lim sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.

Buyuk Britaniyaga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Britaniyaning yetakchi tadqiqot va tahlil markazlarida o‘tkazilgan qator tadbirlarda ham ishtirok etgan.

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.